Paxtadan - 46, g‘alladan 87 sentner: Agrar tarmoq eng daromadli sohaga aylanmoqda

Davlatimiz rahbarining qishloq xo‘jalik xodimlari kuni oldidan soha vakillari bilan uchrashuvida tarmoqdagi yutuqlar e’tirof etildi.

Jumladan, joriy yilda ilk bor respublikamizda paxtachilikda ilm-fan yutuqlari va ilg‘or agrotexnologiya olib kirilgani, yuqori unumdor xorijiy navlar ekilgani hisobiga 875 ming gektar maydonda 4 million tonnaga yaqin xirmon yaratildi. Ilk bor paxtada o‘rtacha hosildorlik 46 sentnerga yetdi.

Viloyatimizda ilg‘or intensiv agrotexnologiyalarni qo‘llagan holda 60 ming gektar maydonda g‘o‘za parvarish qilinib, 265 ming tonnadan ortiq paxta xomashyosi yig‘ishtirib olindi. Hosildorlik o‘rtacha 44,2 sentnerni tashkil qilib, o‘tgan yilga nisbatan 12,7 sentner ko‘p hosildorlikka erishildi. Tumanlarda fermer xo‘jaliklarimiz gektaridan 74,5 sentnergacha hosil oldi.  

Yetishtirilgan paxta xomashyosini to‘liq mexanizatsiya yordamida terib olishga o‘tish maqsadida joriy yilda Xitoydan 74 dona yuqori unumli paxta terish mashinalari olib kelindi (o‘tgan yil 44 ta olib kelingan). Joriy mavsumda 162 ming tonna (61 foiz) paxta xomashyosi 118 ta mashina yordamida terib olindi. Kelgusi yilda yana qo‘shimcha terim mashinalari olib kelish hisobiga paxtani to‘liq mexanizatsiya yordamida terib olishga o‘tamiz.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida g‘allakorlarimiz yangi mahalliy navlar va biotexnologiya orqali bu yil 8 million 400 ming tonna xirmon yaratib, o‘rtacha hosildorlik 85 sentnerga yetganini bildirdi. Har gektar yerdan 100 sentnerdan hosil olgan fermerlar 3,5 mingdan oshdi, 825 ming tonnadan ortiq hosil yetishtirildi va o‘rtacha hosildorlik 87,6 sentnerni tashkil qildi.

Hozirgi kunda dehqonchilikda suv resurslaridan oqilona foydalanish, tejamkor texnologiyalarni joriy qilgan holda mahsulot yetishtirish dolzarb bo‘lib bormoqda. Shu bois, dehqonlarimiz suv tejovchi texnologiyalarni joriy etgan holda dehqonchilik qilishga katta e’tibor qaratmoqda.

Suv resurslaridan samarali foydalanish maqsadida 30,1 ming gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish tizimi joriy qilinishi rejalashtirilgan. Kelgusi yil ushbu maydonlardan jami 747 ming tonna hosil olish va hosildorlikni 90 sentnerga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Innovatsion dehqonchilik rivojlanmoqda

2025 yilda fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan asosiy maydonlarga 23,1 ming gektar sabzavot, 1,5 ming gektar poliz hamda 21 ming gektarda kartoshka ekinlari ekilib, 416,1 ming tonna sabzavot, 30,4 ming tonna poliz hamda 419 ming tonna kartoshka mahsulotlari yig‘ishtirib olindi.

Bundan tashqari, aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash, bozorlarda narx barqarorligini saqlash maqsadida g‘alladan va ertaki ekinlardan bo‘shagan maydonlarga 11,8 ming gektar sabzavot va 10 ming gektar kartoshka ekilib, 261,3 ming tonna sabzavot va 222,8 ming tonna kartoshka yetishtirildi.

Viloyatda o‘tgan yilga nisbatan 181,5 ming tonna sabzavot, 43,2 ming tonna kartoshka, polizdan qariyb 4 ming tonna ko‘p mahsulot yetishtirildi.

Bu raqamlar shunchaki hisobot, statistikani yaxshilash emas, balki dehqonlarimizning ilmga asoslanib, innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda mahsulot yetishtirayotgani, yerga bo‘lgan munosabatning o‘zgarishi va daromadni ko‘paytirishning yangi shakllarini qo‘llayotgani samarasidir.

Agrar tarmoq uchun moliyaviy ko‘mak oshiriladi

Prezidentimiz kelgusi yil uchun soha oldida turgan eng muhim vazifalarni ham belgilab berdi. Jumladan, keyingi yildan yangi agrotexnologiya yordamida 76-sxemada paxta yetishtirish, “Shinjon tajribasi” sohaga tatbyuiq eqtilishini bildirdi.

Ushbu vazifalardan kelib chiqib viloyatda 2026-yil hosili uchun 60 ming gektar maydonga chigit ekilishi rejalashtirilgan va ushbu maydonlardan jami 308 ming tonna paxta xomashyosi tayyorlash va hosildorlikni 51,3 sentnerga yetkazish ko‘zda tutilgan. Buning uchun 24 ming gektar (40 foiz) maydonda qo‘shqator sxemada, plyonka ostiga, tomchilatib sug‘orish tizimini joriy qilgan holda chigit ekish rejalashtirilmoqda. Shundan 19 ming gektariga xorijiy navlar ekiladi.

Kuz-qish mavsumi uchun asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini zaxira qilish yil davomida amalga oshirib, narxlar barqarorligini ta’minlash uchun doimiy intervensiya tizimi joriy etiladi. Har yili “in-vitro” laboratoriyalarda virusdan xoli 10 milliondan ortiq kartoshka mini-tuganaklari tayyorlanib, urug‘chilik xo‘jaliklariga bepul beriladi.

Keyingi yildan suv nasosiga sarflangan elektr energiyasi uchun subsidiyalar meva-sabzavot, moyli ekin, kartoshka va ozuqa ekinlari yetishtiruvchi fermerlarga ham ajratiladigan bo‘ldi.

Paxta-g‘alla yo‘nalishidagi eng ilg‘or 200 nafar fermer, meva-sabzavot yo‘nalishidagi eng mirishkor 200 nafar bog‘bon va dehqon, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi eng faol 100 nafar eksportchi Xitoy, Turkiya, Gollandiya, Fransiya kabi davlatlarga yuborilib, o‘qitiladi.

Dehqonchilikda haqiqiy ishlaydigan, yerni aldamasdan kerakli ishlovni berib, ilmiy yondoshgan holda hosil yetishtiradigan palla keldi. Sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etib, suv resurslaridan oqilona foydalanish, yuqori hosilli, eksportbop va talabgor o‘simliklarni o‘zlashtirish davri boshlandi. Dehqon zamon bilan hamnafas bo‘lib, kasbiga mehr qo‘yib ishlaydigan va shundan o‘ziga, oilasiga va davlatga ham foyda keltirish agrar tarmoqda mehnat qilayotgan har birimizning ustuvor vazifamizga aylanadigan vaqt keldi.

Begzod TUGALOV,

viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari.