Payariq maktablaridagi muammolarni kim bartaraf etadi?
Dastavval tumandagi 525 nafar o‘quvchi tahsil oladigan 73-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga bordik. Maktab hududining kirish qismidagi obodonlashtirish ishlari kishi ko‘zini quvnatadi. Atrofga suv sepilgan, archalar va har xil gullar chiroy ochib turibdi. Ammo “Birov kelsa, shu yerdan qaytib ketadi” qabilida ish ko‘rilgan shekilli, maktabning orqa qismiga o‘tganingizda tamoman boshqa manzaraga guvoh bo‘ldik. Ekin ekish mumkin bo‘lgan qariyb 1 sotixli maydoncha qarovsiz, suvsizlikdan qotib ketgan, o‘tgan yili (balkim undan oldinroq) ekilgan gullarning qurib yotgan barglariyu poyalari bilan to‘la. Binoning orqa qismidagi yo‘laklar begona o‘tlardan tozalanmagan. Hatto pishiq g‘ishtdan qurilgan devorlar orasidan o‘sib chiqqan o‘t va tikanlarni tozalashga hech kim hafsala qilmagan.
Maktab direktori bizni bino ichkarisiga boshladi va sinfxonalar bilan tanishtira ketdi. Sinfxonalarning ayrimlarini yangi o‘quv yiliga tayyorlashga harakat qilingan, biroq fizika xonasini ota-onalar ko‘rsa, farzandini bu maktabga bermaslikdan ham toymaydi. Mazkur xonadagi devor va pol qismidan o‘tgan elektr simlari ochilib yotibdi. Undan har qanday ko‘ngilsizlik kelib chiqishi tayin. Maktab direktoridan holat bo‘yicha izoh so‘raganimizda, bugun elektrik chaqirib, ularni ta’mirlamoqchi bo‘lganini aytdi. Bugungacha bu manzara nega hech kimni tashvishga solmagan?

Ko‘plab sinfxonalarning eshigiga qulf osilgani bois ularni eshik tirqishi va deraza oynalaridan kuzatishga majbur bo‘ldik. Aksariyat xonalarning derazalariga quyosh nurini qaytaruvchi to‘siq o‘rnatilmagan.
Maktab kutubxonasi esa eski kitoblar yarmarkasini eslatadi. U yerdagi kitoblar taxlami har xil, pala-partish bo‘lib yotibdi. Gazeta va jurnal taxlamlari sana bo‘yicha yilning boshi va aprel-may holaticha qolib ketgan. Ajablanarlisi, na maktab direktori A.Hayitov, na maktab kutubxonachisi J.Tursunova maktabga necha turdagi gazeta va jurnal kelishini ayta oldi.
– Qish kunlari xonalarni ko‘mir yoqib isitamiz, – deydi maktab direktori Alisher Hayitov. – Bir necha yildan buyon isitish batareyalari mutlaqo ishlamaydi, yaroqsiz holatda. Bu bo‘yicha tegishli joylarga bir necha marta murojaat qildik, natija bo‘lmadi.
Maktabning barcha qismiga o‘rnatilgan mazkur isitish tizimi ishlamayotgani sababli qozonxonalar ham buzilib yotibdi. Ayrim trubalar kesib olingan.
85-umumiy o‘rta ta’lim maktabidamiz. Muassasa atrofi ozoda, hovlida poliz ekinlari pishib yotibdi. Qarovsiz yotgan yer yo‘q.
Sinfxonalar yangi o‘quv yiliga hozirlangan, derazalarga parda tortilgan. Biroq xonalardagi ko‘plab yoritish moslamalari ishlamaydi. Maktab ma’muriyati esa kutubxona kalitini topishning imkonini qilmadi (yoki yashirdi) va u yerdagi holat bilan tanisha olmadik.
– 240 o‘ringa mo‘ljallab qurilgan bu maktabga kelayotgan o‘quvchilarning ko‘pligi bois qo‘shimcha xonalarga ehtiyoj bor, – deydi maktab direktori Rustam Mirzayorov. – Shuningdek, maktabda sport zali yo‘qligi uchun o‘quvchilar yozning issig‘ida ham, qishning sovug‘ida ham jismoniy tarbiya darslarini ochiq maydonda bajarishga majbur bo‘ladi.

Shinamgina qurilgan bu maktabga qish kunlari alohida pechka o‘rnatilib, ko‘mir yordamida isitilar ekan. Ammo ko‘mirxonaning ahvoli bino holatidan ancha farq qiladi. Ko‘mir saqlash uchun mo‘ljallangan ombor tom qismining shiferlarini qulash ehtimoli juda yuqori. Agar u ta’mirlanmasa, yomg‘ir yog‘ishi oqibatida ko‘mirlar yaroqsiz ahvolga kelib qoladi. Qolaversa, kuchli shamol ko‘mirxona shiferlarini pastga uloqtirishi mumkin. Bu esa maktabga tutash bo‘lgan 42-maktabgacha ta’lim muassasasidagi bolalarga xavf tug‘diradi.
Shuningdek, maktab hojatxonasiga olib boruvchi maxsus yo‘lak yo‘q. O‘quvchilar sovuq kunlarda maydon oralab, loy kechib, hojatxonaga boradi. Hojatxonaning eshiklari yopilmaydi, oynalari yo‘q.
Navbatdagi manzil 74-umumiy o‘rta ta’lim maktabi bo‘ldi. Shu maktabda ekanimizni esa muassasa rahbari Shavkat Murodovdan so‘rab bildik. Negaki, binoning biror joyida maktab raqami va shunga o‘xshash belgi qo‘rinmadi. Sh.Murodovning aytishicha, maktab raqami tushirilgan panno eskirib qolgani uchun uni yangilashga olib ketishibdi.
Muassasa hududiga kirishingiz bilan “sahro”da qurilgan sport maydonchasi e’tiboringizni tortadi. O‘yin chog‘ida u yerda yiqilgan bolaga jiddiy zarar yetmaydi deyish qiyin. Muassasadan chamasi 80-100 metr uzoqlikdan Bulung‘ur kanali oqib o‘tar ekan. Kanalning atrofi muassasani ajratib turuvchi hech qanday panjara bilan to‘silmagani o‘quvchilarning hayotiga xavf solib turadi.
Maktab sinfxonalari yangi o‘quv yiliga tayyor emas. Xonalarning deyarli barchasi yoritgich chiroqlari bilan ta’minlanmagan. Foye va xonalarning ko‘p joyida elektr simlari ochilib qolgan. Foyedagi asosiy eshiklardan birining oynalari yo‘q, ta’mirga muhtoj.
Bu maktabning ham gaz yordamida isitishga mo‘ljallangan pechlari mutlaqo yaroqsiz holatda. Sinfxonalar alohida pechkalar bilan ko‘mir yordamida istiladi. Biroq hozircha ko‘mir zaxirasi yo‘qligi bois ko‘mirxonaga o‘tin g‘amlab qo‘yilgan.
Hududdagi 90-umumiy o‘rta ta’lim maktabi hovlisida obodonlashtirish ishlari yaxshi olib borilgan. Sinfxonalar yangi o‘quv yiliga deyarli tayyor. Foye va xonalar ta’mirlangan, pol ranglangan. Ammo sport maydonchasi va binoning atrofi begona o‘tlardan to‘liq tozalanmagan. Maktabda ikkita qozonxona bo‘lib, bino zamonaviy usulda qurilgan umumiy pechlar yordamida isitiladi.
– Maktabimiz 240 o‘ringa mo‘ljallangan, – deydi maktab direktori Shuhrat Tugalov. – Biroq yangi o‘quv yilida 326 nafar o‘quvchi qabul qilyapmiz. Shu bois xona muammosi bizni qiynayapti. Hatto kutubxona va laboratoriya uchun ham alohida xona yo‘q.
95-umumiy o‘rta ta’lim maktabida kamchiliklar talaygina ekan. Sinfxonalarni yangi o‘quv yiliga tayyor deb bo‘lmaydi. Xonalarning birontasida yoritish lampasi yo‘q. Sport zalining yonidagi yuvinish xonasi nomigagina, xo‘jako‘rsinga ishlab turibdi. U yerdagi suv jo‘mraklari siniq, suv kelmaydi. Polga to‘shalgan linoleum yirtilib, yaroqsiz ahvolga kelib qolgan.
Sport zalida bo‘lishi kerak bo‘lgan kurash gilamlari esa tashlandiq bir xonada yirtilib, o‘rgimchaklarga uya bo‘lib yotibdi.
Binoning orqa qismidagi chiqindixonaning top-toza ekani bizni hayron qoldirdi. Atrofni aylanar ekanmiz, boshqa joyda yig‘ilib, g‘aram bo‘lib qolgan chiqindilar uyumiga guvoh bo‘ldik. Muassasa mas’ullari bu holatga nima deb izoh berishni ham bilmadi.
Guvohi bo‘lganingizdek, mazkur 5 ta maktabdagi holat deyarli bir xil. Yangi o‘quv yiliga sanoqli kunlar qolyapti-yu, kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish hech kimni o‘ylantirgani yo‘q. Qilinishi kerak bo‘lgan ishlar bo‘yicha esa muassasa rahbarlari nimalarnidir vaj qilish bilan kifoyalanyapti.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi, maktablardagi muammo va kamchiliklarni hal etishni muassasa rahbari o‘z zimmasiga olmasa, uni kim bartaraf etadi?
Abdujabbor PO‘LATOV,
Bahriddin XONKELDIYeV.