Payariqda 88,1 million so‘mlik qalbaki alkogol mahsulotlarining noqonuniy savdosi fosh etildi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Payariq tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida yirik miqdordagi qalbaki alkogol mahsulotlari aniqlandi.

Tadbirda “M.A.” oilaviy korxonasi rahbari F.M. Payariq tumanining Qumchuq mahallasi hududida joylashgan savdo do‘konida umumiy qiymati 88,1 million so‘m bo‘lgan 30 turdagi 2005 dona qalbaki aksiz markasi yopishtirilgan alkogol mahsulotlarini sotuvga qo‘ygani fosh etildi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan mazkur mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) hamda 186-1-moddasi (etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.