Jamoat joyida aroq ichgan 857 kishi 91 million so‘m jarima to‘ladi

Joriy yilning 20 iyun kunidan buyon Samarqand viloyatida “Ichkilikbozlikka qarshi kurashish oyligi” o‘tkazib kelinyapti.

Oylik davomida viloyat IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi xodimlari davlat soliq idoralari bilan hamkorlikda alkogol mahsulotlarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslarni aniqlash va ularning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida maxsus reydlar o‘tkazdi.

Reyd davomida 20 ta alkogol mahsulotlarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanish holatlari aniqlanib, huquqbuzarlardan 247,7 litr spirtli ichimliklar musodara qilindi va ularga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi.

Shuningdek, Samarqand shahrida etil spirti, alkogolli mahsulotlarni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish bilan bog‘liq 2 ta holat aniqlandi. Ushbu ishlar sudda ko‘rilib, huquqbuzarlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan jarimaga tortildi. 

Bundan tashqari, o‘tkazilgan tadbirlar davomida jamoat joyida spirtli ichimliklar iste’mol qilib yurgan 857 nafar shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 187-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Ushbu huquqbuzarlarga nisbatan 91 606 999 so‘m miqdorida jarimalar qo‘llanildi.

Sog‘liqni saqlash hisobida turgan 236 nafar shaxs tibbiyot xodimlari bilan hamkorlikda majburiy tartibda davolanishga yuborildi.