Senatda alkogol va tamaki mahsulotlari iste’mol qilinishini cheklash bo‘yicha qonun rad etildi: hujjat kamchiliklar to‘ldirilgach, kelgusi majlisda ko‘rib chiqiladi

Senatning yigirma yettinchi yalpi majlisida “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi, “Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlardagi normalarni o‘z ichida mujassamlashtiradi. Shu sababli ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish nazarda tutiladi.

Biroq yalpi majlisda Senat a’zolari qonunning asosiy tushunchalariga aniqlik kiritish zarurligi, kollizion normalar mavjudligi, huquqni qo‘llash amaliyoti chuqur o‘rganib chiqilmaganligi bois qonunni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Rad etish uchun asosiy sabablar sifatida qator masalalar keltirib o‘tilgan.

Majlisda qonunning ahamiyati hamda bugungi kundagi dolzarbligini inobatga olib, Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rsatilgan kamchiliklar ko‘rib chiqilgach, Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga qayta kiritilishi bildirildi.