Payariqdagi 41-maktab isitilmayapti, ko‘rgazmali vositalar ma’nan eskirgan, hatto dars jadvali mavjud emas

Samarqand viloyatidagi umumta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonlarining tashkil etilishi, ta’lim sifati va samaradorligi, maktab direktori va o‘rinbosarlarining faoliyati hamda kuz-qish mavsumiga ko‘rilgan tayyorgarlikning holatini o‘rganish maqsadida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Qo‘ldosh Saidov rahbarligidagi ishchi guruh Payariq tumanidagi umumta’lim maktablarida bo‘ldi.

Tumandagi 41-maktabga Qamariddin Abbosov 2015 yilda direktor etib tayinlangan. Afsuski, maktabdagi holatlar, muassasani obod etish, ta’lim-tarbiya jarayonlarini nazorat qilish o‘sha yildayoq to‘xtab qolgandek taassurot uyg‘otadi.

Maktab tabiiy gaz bilan isitaladi. Biroq qozonxonalarning o‘z vaqtida soz holatga keltirib qo‘yilmagani oqibatida bugun barcha sinfxonalar birdek isimayapti. O‘qituvchilar va o‘quvchilar darsda qalin kiyimlarda o‘tiribdi. O‘qituvchilar xonasi va aksariyat sinfxonalar nihoyatda tartibsiz. Devorlarga nomigagina ilingan ko‘rgazmali vositalar tartibsiz ilingani yetmagandek, kamida ularga 10 yoki 15 yil bo‘lgan, ma’nan eskirgan. Dars jadvali mavjud emas.

Hojatxonaning holati qoniqarsiz, maktabning bo‘sh turgan yer maydonidan unumli foydalanilmayapti. Bir necha yillar oldin qurilgan issiqxonaning ahvoli xarob. Tarnovlarning tozalanmaganligi sababli, bugungi yog‘ingarchilik kunlarda suv toshib chiqib, bino fasadini yuvib tushmoqda.

Maktab direktori, o‘rinbosarlari o‘qituvchilarning darslarini tahlil qilmagan. Joriy o‘quv yilida oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga topshiradigan maktab bitiruvchilarining bilim darajasi nihoyatda past.

Bir so‘z bilan aytganda, muassasadagi ta’lim-tarbiya jarayonlaridan tashqari, yaratilgan keng sharoitlardan unumli foydalanilmayapti.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.