Payariqlik qiz oyoqda chizgan rasmlari bilan Respublika tanlovida g‘olib bo‘ldi

Zuhra Usmonova 1999 yilda Payariq tumani Birlashuv mahallasi, Qiyra qishlog‘ida tug‘ilgan. U bolaligidan rasm chizishga mehr qo‘ygan. Tasviriy san’atga bo‘lgan qiziqishi tufayli ko‘plab tanlovlarda ishtirok etdi va munosib o‘rinlarni egalladi.

Shu yil u Samarkand davlat universitetining san’atshunoslik fakultetiga o‘qishga qabul qilindi.

- Zuhradagi iste’dodni, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga bo‘lgan intilishni ko‘rib havasim keladi, - deydi fakultet dekani Javodbek Kozimov. - Uning oyoqlarida rasm chizayotganini ko‘rib, matonatiga qoyil qoldim. Har bir inson istasa, ko‘p narsaga erishishi mumkin. Zuhraxon bizning fakultetimizning faxri. Nasib etsa u yaxshi ijodkor bo‘lib yetishadi.

Yaqinda oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan «Yoshlar - Vatan xizmatida rostgo‘ylik va qonunlarni hurmat qilish tarafdori» mavzusidagi ijodiy ishlar tanlovining viloyat bosqichida Zuhra Usmonova ham ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga qiritgan edi. Mazkur tanlovning respublika bosqichida uning ijodiy ishlari 3-o‘ringa loyiq, deb topildi.

- O‘tayotgan 2019 yil hayotimda o‘chmas iz qoldirmoqda, - deydi Z.Usmonova. - O‘zim qiziqqan soha bo‘yicha oliy o‘quv yurti talabasi bo‘lish, qolaversa, nufuzli tanlovda muvaffaqiyat qozonish baxtiga muyassar bo‘ldim. Bu yutuqlarim menga yanayam shijoyat bag‘ishladi. Kelgusida ustozlarimning ishonchini oqlashga harakat qilaman.

Mahmudjon AShUROV.