Payariqlik tadbirkor Nukusda korxona ochmoqchi
Shu yilning 20 avgust kuni Prezidentning tadbirkorlar bilan navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Bunday uchrashuv poytaxtdan tashqari birinchi marotaba o‘tkazilgani va ungacha bir oydan ortiq vaqt davomida tadbirkorlarning sohalar kesimida uchrashuvlari o‘tkazilib, sohadagi muammolar mas’ullar ishtirokida o‘rganildi.
Viloyatimiz tadbirkorlari ham o‘zlarini qiynayotgan mingga yaqin masala va takliflarini bildirishdi.
Davlat rahbari bilan muloqotda viloyatimizdan 15 nafar tadbirkor bevosita qatnashgan bo‘lsa, 65 ga yaqin ishbilarmon viloyat studiyasidan ishtirok etdi.
Jumladan, Payariq tumanidagi “Silver Green Tea” oilaviy korxonasi direktori, «Shuhrat» medali sohibi Shokir Eshonqulov Nukusga borib keldi. U uchrashuv taassurotlari haqida quyidagilarni gapirib berdi:
- 1992 yildan buyon tadbirkorlik, aniqrog‘i, choy savdosi bilan shug‘ullanib kelaman. 2019 yildan oilaviy korxona tashkil etib, choyni qadoqlash bilan shug‘ullanishni boshladik. Dastlab 10 sotix yer maydonida bitta sex tashkil qilib, Payariq va Qo‘shrabot tumanlariga choy yetkazishni yo‘lga qo‘ydik. Keyin o‘g‘limning hovlisida yangi bino qurishga kirishdik. Avval 32 nafar ishchi bilan Xitoy, Eron, Keniyadan tozalangan choy olib, qadoqlab, respublikamizning deyarli barcha hududlariga tarqatishni yo‘lga qo‘ygan bo‘lsak, endi yangi binomiz ishga tushsa, ishchilarimiz soni 50 nafarga yetadi.
O‘g‘lim menejment sohasida tahsil olib, tadbirkorlikda ish yuritishni, xorijiy tillarni, hamkorlar bilan ishlashni o‘rgandi. Xitoyga ikki-uch marotaba borib yangi hamkorlar bilan shartnomalar tuzdi. Natijada dastlab yiliga 200 tonnagacha choy qadoqlab sotgan bo‘lsak, hozirda kuniga 3-4 tonna, yiliga ming tonnadan ortiq choy qadoqlash imkoniga egamiz.
Yil boshida tuman hokimi korxonamizga kelib, faoliyatimizni o‘rgandi. So‘ngra viloyat hokimi bilan uchrashuvda korxonamizni kengaytirish rejalarini bildirdik. 2024 yil fevralda tumandagi kichik sanoat zonasi hududidan 1 gektardan ortiq yer maydoni oldik. Bu yerda choy qadoqlash va saqlashni tashkil etish bilan birga, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlashni yo‘lga qo‘ymoqchimiz.
Tadbirkorlik sohasidagi kichik harakatlarimiz e’tirof etilib, tadbirkorlar kuni arafasida Prezidentimizning farmoni bilan «Shuhrat» medali bilan taqdirlandim. Bu bizga faoliyatimizni rivojlantirishda yangi kuch berdi.
20 avgust kuni Prezident bilan uchrashuvda 50 nafardan ortiq ish o‘rni yaratgan korxonalarga soliqdan yengillik yaratish, elektr energiyasini belgilangan limitdan 20 foizgacha ziyodiga to‘lovni ortiqcha hisoblamaslik belgilanganidan juda xursand bo‘ldik. Shuningdek, biz kabi sanoat zonalaridan yer olgan tadbirkorlarga yer uchun mablag‘ni to‘lash muddati 2 yildan 5 yilga uzaytirilgani ham katta moliyaviy yordam bo‘ldi. To‘g‘risini aytsam, bunday uchrashuvda birinchi bor qatnashishim edi. Ko‘plab tadbirkorlar bilan tanishdim, fikr almashdim, tajriba orttirdim. Davlat rahbarining gaplaridan katta kuch oldim.
Uchrashuvda bir nechta tadbirkor Qoraqalpog‘istonda ish boshlash istagida ekanligini bildirdi. Men ham yangi ob’yektlarimizni ishga tushirgandan so‘ng o‘sha yerdan ishonchli hamkor topib, choy qadoqlash, meva-sabzavotni saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va eksport qilish uchun korxona ochishni niyat qilib turibman.
O‘ktam Xudoyberdiyev yozib oldi.