Paynet orqali onlayn qimorga to‘lov qilib berayotganlarning javobgarligi kuchaytiriladi
Onlayn qimorga qiziqishni bildirayotgan aksariyat aholi bu o‘smirlar va yoshlar bo‘lib, tez va mo‘may daromad olish maqsadi ularni onlayn qimor – totalizatorlar va xorijiy sport o‘yinlariga mukkasidan ketishga olib kelmoqda.
Qimor o‘yini strukturasi shunchalik mug‘ombirona ishlab chiqilganki, uni tushunmasdan, tezda boyib ketmoqchi bo‘lgan fuqarolar asosan katta miqdorda qarzga botmoqda. Oxir-oqibat muammodan qutulish uchun o‘z joniga qasd qilib, oila a’zolarini dog‘da qoldirib ketmoqda. Afsuski, onlayn qimordan boshlangan muammoni marhumning yaqinlari hal qilishga majbur bo‘lmoqda.
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti xodimlari o‘rganishlar davomida quyidagi takliflarni taqdim etadi:
➖ ayni vaqtda keng tarqalgan qimorga qiziqtiruvchi firibgarliklardan xabardor qilishga yo‘naltirilgan faol targ‘ibotni amalga oshirish;
➖ mazkur o‘yinlar reklamasi uchun javobgarlikni qayta ko‘rib chiqish va belgilanadigan jarimalarni oshirish;
➖ P2P-platformalari (Paynet) orqali noqonuniy onlayn-totalizatorlarga to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratayotgan shaxslarga javobgarlikni kuchaytirish;
➖mazkur holatda qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarning har qanday turlarini taqiqlash pozitsiyasida qolish, sport sohasini rivojlantirishda bukmekerlik faoliyatiga yo‘l qo‘yilmasligi talabini qat’iy belgilash lozim bo‘ladi.