Pensiya jamg‘armasiga ishga kirmoqchimisiz?
Yashirmaymiz, Pensiya jamg‘armasida ishlash istagida bo‘lgan yoshlar juda ko‘p. Xodimlarni ishga qabul qilishda shaffoflikni ta’minlash maqsadida xalqaro standartlarga muvofiq maxsus elektron dastur asosida talabgorlar teng imkoniyatlardan foydalangan holda saralab olinmoqda.
Umuman olganda, Prezidentimizning 2019 yil 3 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi tizimda sifatli ta’minlanmoqda. Farmonning qulaylik jihati, eng asosiy tomoni ishsiz yurgan fuqarolarni ish bilan ta’minlashdadir. Ya’ni, xohlagan odam uyida o‘tirgan holda idorama-idora ish izlab yurmasdan ijtimoiy tarmoqlar orqali vacancy.argos.uz sayti orqali barcha vakant lavozimlarni ko‘rishi va o‘ziga tegishli bo‘lgan mutaxassisligi bo‘yicha vakant lavozimlarga nomzodini elektron tarzda qo‘yish imkoniyati yaratildi.
Ushbu farmon bo‘sh lavozimlarga ilg‘or tajribaga ega, iqtidorli va har tomonlama yetuk, yuqori bilimga ega kadrlarni saralab olishga keng imkoniyatlar yo‘lini ochib berdi. Yaqinda Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Samarqand viloyati boshqarmasi tizimida vakant lavozimlarga ishga qabul qilish amalga oshirildi.
Ushbu saralab olish natijasida Oqdaryo tumani pensiya jamg‘armasi bo‘limida e’lon natijasi bo‘yicha Abdumutal Ergashev g‘olib deb topilib, ish bilan ta’minlandi.
Hozirgi kunda Pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi va Paxtachi tuman Pensiya jamg‘armasi bo‘limida ham vakant ish o‘rinlariga tanlov e’lon qilingan.
D.Tursunqulova,
Pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi kadarlar bo‘yicha bosh mutaxassisi.