Perinatal markazdagi holat o‘rganilmoqda: Shov-shuvlar asoslimi?
Kecha ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati perinatal markazida 2019 yil 28 fevraldan - 1 martiga qadar 5 nafar chaqaloq turli tashxislar bilan vafot etganligi haqida xabarlar tarqaldi.
“Jahon.uz” internet nashriga Bosh prokuraturaning matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, Samarqand shahar Yoshlar mahallasida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan F.M.ning turmush o‘rtog‘i G.K. joriy yilning 28 fevralida viloyat perinatal markazida qiz chaqaloq tuqqanligini, ammo shu kuni kechki payt shifokorlar G.K.ga chaqalog‘i vafot etganligini aytishgan va F.M.ga o‘g‘il jinsli chaqaloqning murdasini berib yuborishganini aytib huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. U chaqalog‘ining qiz yoki o‘g‘il ekanligiga aniqlik kiritib berishni so‘rab, Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB ga yozma murojaat qilgan va murojaatga asosan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilgan.
Shuningdek, tergov davomida 2019 yil 27 fevraldan - 1 martga qadar bo‘lgan viloyat perinatal markazida jami 37 nafar chaqaloq tug‘ilgan bo‘lib, ulardan 5 nafari turli tashxislar bilan vafot etganligi ham qayd etilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi TB bo‘linma boshlig‘i rahbarligida tergov guruhi tuzilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat ishi tergovi Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Adham Bahromovga murojaat qildik. Uning aytishicha, ayni paytda viloyat perinatal markazida sodir bo‘lgan holatlar ichki ishlar va prokuratura organlari xodimlari bilan birgalikda o‘rganilmoqda. Maqolada keltirilgan vajlar asosli yoki asossiz ekanligi haqida o‘rganish ishlari yakunlangach, ma’lumot taqdim etiladi.
Saytimizni kuzatib boring, qo‘shimcha ma’lumotlar bilan tanishtirib o‘tamiz.