Chala tug‘ilgan chaqaloqlar endi Kattaqo‘rg‘onda ham sog‘lomlashtirilyapti
Yaqinda Kattaqo‘rg‘on shahri tibbiyot birlashmasi qoshida tumanlararo perinatal markaz faoliyat boshladi.
Endi shahar va unga yaqin hududlarda yashovchi, malakali tibbiy xizmatga muhtoj homilador ayollar og‘ir ahvolda uzoq masofa bosib, viloyat markaziga qatnab ovora bo‘lmaydi.
- Mazkur perinatal markaz shahrimiz va Nurobod, Narpay, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on hamda Paxtachi tumanlariga xizmat ko‘rsatadi, - deydi markaz rahbari Charos Elmurodova. – Bu yerda asosan chala tug‘ilgan chaqaloqlar, o‘zlarida ekstragenetal kasalliklari mavjud bemorlar, malakali tibbiy xizmatga muhtoj ayollar davolanyapti. Ularga malakali mutaxassislar zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar yordamida xizmat ko‘rsatilmoqda. Tibbiyot birlashmamiz boshlig‘i, akusher-ginekolog Humoyun Hamroyev rahbarligida faoliyat olib boryapmiz. Turli yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari o‘tkazyapmiz. Viloyat va respublika perinatal markazlari mutaxassislari, tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Ular shu yerga kelib yoki telemeditsina orqali yordam ko‘rsatishmoqda.
Perinatal markazning asosiy maqsadi chala tug‘ilgan chaqaloqlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, ularning hayotini saqlab qolish, onalar va bolalar o‘limining oldini olishga qaratilgan. Ushbu markazda bugungi kunda ko‘plab chala tug‘ilgan, vazni 1 ming 200 grammdan 2 ming 200 grammgacha bo‘lgan go‘daklar sog‘lomlashtirilib, onalarining qo‘llariga topshirilmoqda. Buning uchun markazga zarur tibbiy uskunalar keltirilgan.
- Markaz tashkil etilganidan aholi xursand, - deydi Ch.Elmurodova. – Sababi, shu paytga qadar og‘ir ahvolda bo‘lgan homilador ayollar viloyat markaziga yetib borguncha bir muncha qiyinchiliklarni boshidan kechirgan.
- Markazga og‘ir ahvolda kelgan edim, - deydi nurobodlik Nafosat Qo‘shboqova. – Homilam 31 haftalik edi. Egizak chaqaloqli bo‘ldim. Bir o‘g‘il, bir qiz. Ular kam vaznli bo‘lib tug‘ildi, ammo shifokorlarga rahmat. Ularning beminnat xizmatlari tufayli, ham farzandlarim, ham o‘zim bugungi kunda sog‘lommiz.
Yana bir ahamiyatli jihati, Kattaqo‘rg‘on shahri tibbiyot birlashmasi tasarrufida viloyat “Ona va bola skrining markazi” filiali ham faoliyat olib boryapti.
Sitora RUSTAMOVA,
To‘lqin SIDDIQOV,
Husan ELTOYEV.