Chaqaloqlarda katta miqdorda mikroplastik topildi
Mikroplastikning ko‘payishi, tarqalish shiddati bolalarga ta’sir ko‘rsatdi. Buni Environmental Science & Technology Letters jurnalida chop etilgan tadqiqot ma’lumotlari tasdiqlaydi. Maqolada aytilishicha, chaqaloqlar tanasida kattalarga nisbatan o‘rtacha 15 barobar ko‘proq mikroplastik bor.
Gap o‘lchami 5 millimetrdan kichik bo‘lgan polimer bo‘lakchalari haqida bormoqda. Ular plastik o‘yinchoqlar yoki boshqa narsalar parchalanishi jarayonida paydo bo‘ladi. Mikroplastikdan ko‘plab uy-ro‘zg‘or buyumlari, jumladan, kosmetika, tozalash vositalari, kir yuvish vositalari, hatto dori kapsulalarini tayyorlash uchun foydalaniladi.
Mikroplastik hammada bor
Tadqiqot guruhi Amerikaning Nyu-York shtati aholisining najas namunalarini tahlil qilib, ikkita keng tarqalgan mikroplastik - polietilentereftalat va polikarbonat borligini aniqladi. Barcha namunalarda kamida bitta turdagi mikroplastik bor, lekin bolalarda uning tarkibi kamida 10 barobar ko‘p edi.
Olimlarning fikricha, bolalar o‘yinchoqlarni chaynaganda, emizgich so‘rganda va gilam kabi tarkibida mikroplastik bor joyda emaklayotganda uni ko‘p miqdorda yutadi.
Bu xavflimi?
Mikroplastik inson salomatligiga qanday ta’sir qilishi hozircha aniq emas. Tadqiqotchilar, asosan, mikroplastik ovqat hazm qilish tizimiga bezararligiga ishonch hosil qilmoqda. Ammo ana shunday mayda zarrachalar qon oqimiga kirib, hujayra membranalariga o‘tishi mumkinligi haqida ma’lumotlar bor.
Laboratoriya hayvonlari bilan o‘tkazilgan tajribalarda mikroplastik hujayralarni nobud qilishi, yallig‘lanish va metabolik buzilishlarga olib kelishi aniqlangan.
Mikroplastikaga qarshi kurash
Mikroplastikning odamlarga bevosita zarari ko‘p savollar tug‘dirsa-da, uning tabiat uchun xavfliligi haqida ko‘plab aniq dalillar mavjud. O‘tgan yili Dyuk universiteti tadqiqotchilari okeanga chiqarilgan mikroplastika suv bilan tutashganda chiqaradigan kimyoviy modda bilan baliqlar zaharlanganini tasdiqlashdi.
Gap potensial xavfli ifloslanishning yirik miqdori haqida ketyapti - axir aynan sintetik kiyimni oqova suv bilan yuvish natijasida atrof-muhitga ko‘p miqdorda mikroplastik chiqariladi. Ilgari, baliq bu chiqindini muammosiz hazm qiladi, deb ishonilgan edi, lekin endi baliqlar reproduktiv organlarida mikroplastik izlari topilmoqda.
Mikroplastikdan qanday qutulish mumkin?
Midiya (Butunjahon okeanida yashovchi mayda ikki tabaqali molyuska) hozirda mikroplastikaga qarshi kurashda asosiy yordamchilardan biri hisoblanadi. Ular okeanni nisbatan yuqori samaradorlik bilan tozalaydi. 300 ta midiya koloniyasi bir soat ichida chorak million mikroplastikni filtrlay oladi. Matematik modellar shuni ko‘rsatadiki, kelajakda midiya suvdagi 25 foiz mikroplastikni filtrlashi mumkin.
Shu bilan birga tadqiqotchilar chiqindilarni filtrlashning yangi usullarini izlamoqda. Gollandiyada, masalan, buning uchun ular "pufakli to‘siq"dan foydalana boshladi - pufakchalar oqimi daryo olib kelayotgan plastikni sohilga to‘playdi. Amsterdamda 2019 yilda shu tarzda, kanallardan biri orqali Shimoliy dengizga kiradigan polimer chiqindi hajmini 86 foizga kamaytirishga muvaffaq bo‘lishdi. Portugaliya ham kelasi yili shunga o‘xshash loyihani ishga tushirishni rejalashtirmoqda.
Uyda mikroplastik himoyalanish
Suvni mikroplastikdan tozalash uchun midiya koloniyasini uyda joylashtirishni tasavvur qilish qiyin, «pufakli to‘siq»ni ham uy sharoitida qilib bo‘lmaydi. Lekin plastik ifloslanish bilan kurashish uchun maishiy usullar ham bor.
Ekofaollar, asosan, savdo-sotiqda kamroq sintetikaga murojaat qilishni va hech qanday holatda plastik chiqindilarni qayta ishlanmaydigan chiqindilar bilan qo‘shib tashlamaslikni maslahat berishadi - axir ular oqibatda svalkaga tushadi-da.
"Yashil" tavsiyalar orasida esa kir yuvishga yondashuvni o‘zgartirish aytilgan. Agar kir yuvish mashinasi to‘liq yuklanishini kutsangiz, barabandagi kiyimlar ishqalanishi kamayadi, bu esa o‘z navbatida oqovaga ketadigan tolalar miqdorini kamaytiradi. Bundan tashqari, sintetik materiallardan tushgan mikroplastikni yig‘adigan maxsus filtrlar ham mavjud.
Gulnora Xoldorova tayyorladi.