Elmira Bositxonova: Bir haftalik chaqaloqlar ham koronavirusga chalinmoqda

Ayni paytda O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasida «Vaksina – salomatlik va cheklovlarsiz hayot» mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tmoqda.

Unda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova koronavirus bolalarda aniqlanayotgani haqida aytib o‘tdi.

"Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasida o‘tgan yili bolalar bo‘limi ochilmagan edi. Bunga sabab koronavirusning avvalgi shtammlari bolalarda juda kam aniqlangan edi. Bugunga kelib ushbu shifoxonalarda bolalar bo‘limini tashkil etishga to‘g‘ri keldi. Bu bolalarda koronavirusning ko‘proq aniqlanayotgani bilan bog‘liq.

Yangi tug‘ilgan chaqaloqni hamma qo‘lga olib ko‘rishga urinishi bilan bog‘liq odatlar sabab hatto bir haftalik chaqaloqlar ham koronavirusga chalinish holatlari uchramoqda. Bu borada yangi tug‘ilgan chaqaloqni 40 kun chillada saqlash kabi urf-odatlarimiz ularni koronavirusdan himoya qilish omili bo‘lishi mumkin", dedi Elmira Bositxonova.