Koronavirusga chalingan bolalar rejali profilaktik emlashlarni qachon oladi?
Koronavirus infeksiyasiga chalingan bolalar rejali profilaktik emlashlarni olishi mumkinmi yoki yo‘q? Bu bugun aksariyat yosh onalarni o‘ylantirayotgan muhim savollardan biri, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
SSV matbuot xizmati ushbu savol yuzasidan Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi pediatriya kafedrasi dotsenti, tibbiyot fanlari doktori, pediatr-gastroenterolog Zulfiya ABDUJABBAROVAga murojaat qildi.
— Rejali emlash yoshidagi (0-16 oylikgacha) bolalar koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan vaqtda navbatdagi rejali emlash to‘xtatib turiladi, — deydi Z.Abdujabbarova. — Agar ularda kasallik yengil yoki o‘rta og‘ir darajada kechgan bo‘lsa, bunday bolalar kasallikdan to‘liq tuzalganidan so‘ng 14 kundan keyin reja asosida profilaktik emlashlarni davom ettirishlari mumkin.
Biroq agar bolada “COVID-19” infeksiyasi og‘ir va o‘ta og‘ir darajada kechgan bo‘lsa va kasallikdan so‘ng tananing turli a’zolarida asoratlar kuzatilsa, bunday hollarda ularga emlashni davom ettirishga individual tarzda yondashish lozim bo‘ladi. Ya’ni, bola “COVID-19” infeksiyasidan to‘liq tuzalgandan so‘ng hududiy poliklinikada bir necha tor mutaxassislardan iborat maxsus immunologik komissiya tuziladi.
Komissiya tarkibiga bola tanasida kasallikdan keyingi asoratlardan kelib chiqqan holda nevropatolog, kardiolog, nefrolog va boshqa tor mutaxassislar jalb etiladi va ana shu komissiyaning xulosasi bilan u rejali ravishda emlanadi.