12-14 yoshli qizlar odam papilloma virusiga qarshi emlanmoqda
SSV ma’lumotiga ko‘ra, har yili O‘zbekistonda o‘rtacha 1700 nafarga yaqin ayolda odam papilloma virusi sababli bachadon bo‘yni saratoni kasalligi aniqlanmoqda.
Bunga qarshi eng samarali chora esa mazkur xastalikka qarshi emlanishdir. Ayniqsa, o‘smir yoshdagi qizlarni rejali emlash kasallanish holatlarining oldini olishga katta yordam beradi.
Ayni paytda respublikada 12-14 yoshli qizlar o‘rtasida emlash jarayoni o‘tkazilmoqda. Chunki ayni shu yosh oralig‘ida vaksinadan so‘ng immunitet eng kuchli shakllanadi. Buning uchun joylarga ehtiyojga ko‘ra, 1 million 400 ming doza OPV vaksina va shpritslari yetkazib berildi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati ma’lum qilishicha, bu vaksinalarning 270 milliondan ortiq dozasi dunyoning 102 davlatida qo‘llanildi.
Respublikaga Niderlandiyaning “Merk” korxonasida ishlab chiqarilgan 1 million 400 ming doza “Gardasil” vaksinasi olib kelindi va yaroqliligi tekshirilib, tasdiqlandi.
Vaksinatsiya jarayonlari respublikamizdagi 3138 ta emlash punktida amalga oshirilmoqda.