Pandemiya tarixida yangi rekord. AQShda bir kunda 1 million 400 ming kishi "omikron"ni yuqtirdi
Kecha dunyo bo‘yicha qariyb 3 million 160 ming kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan.
Eng yomoni, ko‘rsatkichlar bir kun avvalgi holatga nisbatan yana 1 milliontaga ko‘p.
Favqulodda o‘sish sur’atlari AQSh hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu yerda 9 yanvar kuni 315 ming odam SOVID-19ni yuqtirgani ma’lum qilingandi. Oradan bir kun o‘tgach, bu raqam 1 million 400 taga yetgan.
G‘arbiy Yevropaning ayrim davlatlarida esa aksincha, pandemiya to‘lqini birmuncha pasayayotgani kuzatilmoqda. Masalan, Fransiyada bir kun ichida kasallanish ko‘rsatkichlari 296 mingtadan 87 mingtaga tushdi. Boshqa qator davlatlarda esa epidemiologik vaziyat kundan kun murakkablashib boryapti.
Masalan, so‘nggi kunlarda Filippinda “omikron” dominant variantga aylandi. Shu sababli mamlakatda kunlik kasallanish ko‘rsatkichlari 33 mingtadan oshib ketdi. Bu pandemiya davrida hududda qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Ruminiyada ham epidemiologik vaziyat yomonlashgani haqida rasmiy xabarlar tarqaldi. “Biz hozir pandemiyaning beshinchi to‘lqiniga ro‘baro‘ keldik va koronavirus tarqalishi bo‘yicha Yevropada yetakchi o‘rinda turibmiz”, deb bayonot berdi mamlakat Sog‘liqni saqlash vaziri A. Rafila.
10 yanvar holatiga ko‘ra, bu yerda hozirgacha 1,85 million kishi SOVID-19ga chalingan. Xastalikdan vafot etganlar soni esa 59 ming nafarni tashkil etyapti.
Yangi mutatsiya Bolgariya aholisi salomatligiga ham xavf solmoqda. Kecha hududda “omikron”ni yuqtirgan yana 52 bemor ro‘yxatga olindi. Polshada esa mazkur shtamm bilan bog‘liq 10 ta yangi holat aniqlanib, jami "omikron"ni yuqtirganlar 162 nafarga yetdi.
Shuningdek, yangi variant kirib borgan mamlakatlar safiga Ozarbayjon ham qo‘shildi. Qo‘shni davlat — Qozog‘istonda ham “omikron” qayd etilganidan buyon ko‘rsatkichlar keskin ko‘paymoqda. Misol, uchun bu yerda so‘nggi sutkada 2 230 nafar bemorda kasallik qayd etilgan.
Turkiyada yangi yilning ilk kunida 36 ming odam SOVID-19ni yuqtirib olgani ma’lum qilingandi. 10 yanvar kuniga kelib esa kunlik ko‘rsatkichlar deyarli ikki barobar oshib, 65 mingtaga yetdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maxsus vakili Devid Nabarroning fikricha, “omikron” shtammi tufayli kelgusi uch oy odamlar uchun og‘ir bo‘lishi mumkin. Biroq dunyo bo‘yicha pandemiyaning tugash muddati yaqinlashmoqda.
AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi esa “omikron”ning ba’zi xavfli belgilarini e’lon qildi.
Nafas olishning qiyinlashishi, ko‘krak qafasida doimiy og‘riqlar paydo bo‘lishi, uyqudan turish qobiliyatining susayishi, teri, lab va tirnoqlar rangining oqarishi shular jumlasidan. Shifokorlar, shuningdek, kuchli charchoq, tomoq og‘rig‘i, quruq yo‘tal va mushak og‘rig‘ini xarakterli alomatlar, deb hisoblaydi.