Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar nega ko‘p qayt qiladi?

To‘rt oylikkacha bo‘lgan go‘daklarning 65 foizdan ko‘prog‘i kuniga hech bo‘lmaganda bir marta emgan sutini qayt qiladi. Chunki go‘daklarning oshqozon-ichak yo‘li tuzilishi va ishlashi qayt qilishga moyil bo‘ladi. Yosh onalar bu holatdan vahimaga tushishi, xavotirlanib bolaning salomatligiga salbiy ta’sir qiladigan harakatlar qilishlari mumkin.

Ularga kerakli maslahat va tavsiyalarni berish maqsadida SSV matbuot xizmati Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori Kamola SOLIHOVAga murojaat qildi:

— Bir necha oylik go‘daklarning qayt qilib turishiga sabab nima? Bu unchalik xavotirli emasmi?

— Go‘dak oshqozoni gorizontal holatda, qizilo‘ngach qisqa va to‘g‘ri, oshqozonga kirishni berkitib turadigan sfinkter-mushak yetarlicha rivojlanmagani tufayli iste’mol qilingan ovqat osonlik bilan oshqozondan qizilo‘ngachga, undan esa og‘iz bo‘shlig‘iga tushadi.

Ovqat hazm qilish uchun javobgar ba’zi fermentlarning yetishmasligi, shuningdek, muddatidan oldin tug‘ilgan va kam vaznli go‘daklarda ko‘proq kuzatiladigan nafas olish, so‘rish va yutish jarayonlarining yetarlicha o‘zaro muvofiqlashmaganligi ham qayt qilishga moyillikni oshiradi.

Bola o‘sa borgani sari ovqat hazm qilish tizimi to‘liq shakllanadi. Shundan so‘ng qayt qilish o‘z-o‘zidan kamayadi. Bungacha esa bola garchi sog‘lom bo‘lsa-da, ovqatlantirish payti, ovqatlantirib bo‘lingach yoki un¬dan biroz o‘tib emgan sutini kayt qilib turishi mumkin.

Kichkintoy rivojlanishdan ortda qolmasa, qayt qilishi onda-sonda, ko‘p miqdorda bo‘lmasa xavotirlanishga asos yo‘q. Negaki, bu fiziologik hol hisoblanib, bola 6-8 oylik bo‘lgunicha o‘tib ketadi.

— Go‘dakning qayt qilishi qandaydir kasalliklarning belgisi bo‘lishi ham mumkinmi?

— Qayt qilish turli kasalliklarning belgisi bo‘lishi mumkin. Go‘dakda nevrologik buzilishlar bo‘lganida qayt qilishlar soni odatdagidan ko‘payadi. Tishlari chiqayotganida ham bola tez-tez qayt qilib turadi.

Bolada qayt qilish bilan birga tana haroratining balandligi va suyuq ich ketishi ro‘y bersa, bu ichak infeksiyasining belgisi ekanligi ehtimoldan xoli emas. Qayt qilishlar ba’zan oshqozon-ichak yo‘li rivojlanishida nuqsonlar borligidan darak beradi.

Shifokor ko‘rigidan o‘tgandan so‘ng bolaga aniq tashxis qo‘yiladi. Agar qayt qilish doimiy tus olsa, oldini olish uchun qilingan chora-tadbirlar yordam bermasa, bola ko‘p miqdorda qayt qilayotgan bo‘lsa, o‘zini yomon his qilsa, uni shifokor ko‘rigiga olib borish zarur.

Ovqatlantirish qoidalariga amal qilinsa va hech bir kasallik aniqlanmasada ko‘p qayt qilish saqlanib qolaversa, oila shifokori va pediatr tavsiyasi bilan antireflyuks aralashmalar buyuriladi.

Ishlab chiqarilayotgan maxsus aralashmalar tarkibida turli quyuqlashtiruvchilar bo‘lib, ular ovqatni oshqozonda ushlab qoladi va qayt qilinishining oldini oladi.

Aralashmalar qayt qilishlar tugagunicha bola taomnomasiga qisman kiritiladi. Kamdan kam holatlardagina bolaga sut va oddiy aralashma urniga faqat antireflyuks aralashma berish uchun ehtiyoj tug‘iladi.

Aralashma berish davomiyligini pediatr aniqlaydi. Zarur deb topilgan hollarda oila shifokorlari oshqozon-ichak yo‘lining ishini me’yorlashtiruvchi dori vositalarini ham buyurishi mumkin.

Ko‘p hollarda bolani to‘g‘ri ovqatlantirish qoidalariga amal qilish orqali qayt qilish bilan bog‘liq muammoni bartaraf etsa bo‘ladi.