«Plov Party»: Madridda o‘zbekistonliklar gastronomik tadbir o‘tkazdi

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston milliy taomlari, o‘zbek xalqining boy madaniy an’analarini namoyish etishdan iborat edi.

Mehmonlar palov tayyorlash jarayonini tomosha qilishdi, shuningdek, boshqa mashhur milliy taomlar – somsa, shish kabob, qandolatchilikni tatib ko‘rishga muyassar bo‘ldi.

Qayd etish kerakki, «Plov Party» har oy Ispaniyaning Valensiya va Barselona shaharlarida o‘tkazib kelinadi. Aynan shu shaharlardagi o‘zbek restoranlarida oshpazlarimiz G‘ulom Turg‘unov va Ma’mura Nabiyeva ishlaydi. Tadbir shu qadar mashhur bo‘lib ketdiki, uni Ispaniya poytaxti – Madrid shahrida o‘tkazishga ham qaror qilindi.

Madrid aholisi va mehmonlari orasidan 1000 dan ortiq kishi tadbir ishtirokchisiga aylandi. Hamma palovning hayratlanarli ta’midan mamnun bo‘ldi, uning katta qozonlarda qanday tayyorlanayotganini katta qiziqish bilan kuzatdi.

Faol yurtdoshlarimiz tufayli O‘zbekiston va uning gastronomik, madaniy va sayyohlik salohiyati Ispaniya va jahon hamjamiyati e’tiborini tobora ko‘proq o‘ziga jalb qilmoqda, deya xabar bermoqda Dunyo AA.