Prezident: Eksport agentligi eksportchilarga haqiqiy ko‘makchi bo‘lish o‘rniga “buxgalter-kassir”ga aylanib qolgan
Shavkat Mirziyoyev eksport masalasidagi muammolarga to‘xtaldi.
"Eksportni kreditlashga 200 million dollar resurs berilgan. Bundan tashqari, bu yil eksportchilarni qo‘llab-quvvatlashga 800 milliard so‘m yo‘naltirilmoqda.
Lekin, Eksport agentligi tarmoq va hudud rahbarlari bilan birgalikda bu mablag‘lardan samarali foydalanishini ta’minlay olmayapti, - dedi Prezident. - Masalan, eksport oldi moliyalashtirish uchun imtiyozli shartlarda ajratilgan har bir dollarga o‘rtacha 5 dollarlik eksport to‘g‘ri kelyapti. Lekin elektrotexnikada 2,5 dollar, qishloq xo‘jaligida va farmatsevtikada 3 dollarni tashkil qiladi.
Achinarlisi, ayrim korxonalarning eksport hajmi olingan kreditdan kam bo‘lgan bo‘lsa, ba’zilari kredit olib, umuman eksport qilmagan.
Shuningdek, o‘tgan yili xalqaro standart joriy qilish va sertifikat olish uchun 4,5 milliard so‘m mablag‘ berilgan 31 ta korxona eksport bilan shug‘ullanmagan".
Eksport agentligi eksportchilarga haqiqiy ko‘makchi bo‘lish o‘rniga davlatdan berilgan tayyor pulni yo‘naltiradigan “buxgalter-kassir”ga aylanib qolgani tanqid qilindi.