Prezident O‘zbekiston xalq artisti Xayrulla Sa’diyevni taqdirladi

Bugun, 6 dekabr kuni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida O‘zbekiston xalq artisti Xayrulla Sa’diyevning 80 yoshga to‘lishi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi. 

Unda Prezidentning davlat maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Prezidentning davlat maslahatchisi o‘rinbosari Abdurashid Jo‘raboyev, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda san’at va madaniyat sohasi vakillari ishtirok etdi. 

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston xalq artisti, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Xayrulla Sa’diyevni "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi" faxriy unvoni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmoni o‘qib eshittirildi va ustoz san’atkorga ushbu yuksak mukofot tantanali topshirildi.

Ma’lumot o‘rnida: xalqimizning sevimli aktyori Xayrulla Sa’diyev 1940 yil 6 dekabrda Toshkentda tavallud topgan. 1963 yilda O‘zbekiston davlat teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan. 1980 yil “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist”,  1990 yil “O‘zbekiston xalq artisti”  unvonlari bilan taqdirlangan. 2005 yil esa  "Mehnat shuhrati" ordenining sohibi bo‘ldi.

Xayrulla Sa’diyev teatr sahnasida “Revizor”,  “Etik kiygan mushuk”,  "Shum bola" kabi o‘nlab spektakllarda rollarni ijro etdi. Shuningdek, "To‘ylar muborak", "Chinor", "Alpomish", "Chashma", “O‘tov”, “Shaytanat” kabi ko‘plab badiiy filmlarda yaratgan obrazlari orqali minglab muxlislar olqishiga sazovor bo‘lgan.