Prezident qurib bergan poliklinika qachon jihozlanadi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 17-18 mart kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyat faollari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Urgut tumanidagi Shodlik mahalla fuqarolar yig‘ini raisi davlatimiz rahbaridan mahalladagi sobiq shifoxona binosi o‘rnida oilaviy poliklinika qurish yuzasidan yordam so‘ragan edi.
– Prezidentimiz taklifimni ma’qullab, ertagayoq mutasaddilar borib masalani joyida o‘rganishi va ijobiy hal etilishini aytgan edi, – deydi Shodlik mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Rofe Nosirov. – Haqiqatdan ham yig‘ilishning ertasi kuni respublika sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari kelib, vaziyatni o‘rgandi. Hududga oilaviy poliklinika zarurligiga ularning o‘zi ham ishonch hosil qildi. Negaki, bu yerda ilgari tuman markaziy shifoxonasining aholi o‘rtasida “Qo‘rg‘on” deb nomlangan bo‘limi faoliyat ko‘rsatganda shu hududda yashovchilar zarurat bo‘lganda ushbu shifoxonaga murojaat qilardi. Qolaversa, avvallari aholi soni kamligi uchun ham poliklinikaga ehtiyoj sezilmasdi. Endi esa hududda oilalar ko‘paydi. Tog‘ oralarida ham aholi punktlari paydo bo‘ldi. “Qo‘rg‘on” shifoxonasi tugatilgach, bolalarni emlatish yoki shifokor ko‘rigidan o‘tish uchun 5-6 kilometr masofadagi markaziy poliklinikaga borish odamlarga qiyinchilik tug‘dirayotgandi.
Xullas, Prezidentga murojaat qilinganidan ko‘p o‘tmay, Shodlik mahallasida eski shifoxona hududining bir qismida zamonaviy oilaviy poliklinika qurilishi boshlandi va o‘sha yilning dekabr oyida foydalanishga topshirildi. Aholining tibbiy xizmat bilan bog‘liq mushkuli oson, uzog‘i yaqin bo‘ldi.
– Bugungi kunda hududdagi sakkiz mahallaning 18 ming 400 nafardan ortiq aholisiga tibbiy xizmat ko‘rasatyapmiz, – deydi Shodik qishloq oilaviy poliklinikasi bosh vrachi Odiljon Ahmedjonov. – Uch nafar umumiy amaliyot shifokori, shuningdek, akusher ginekolog, jarroh, terapevt, somatolog mutaxassislarimiz, yigirma nafardan ortiq o‘rta tibbiyot xodimimiz mavjud. Lekin oliy ma’lumotli, yosh shifokorlarga ehtiyojimiz bor. Muassasamiz kerakli yumshoq va qattiq mebellar bilan ta’minlangan.
Biz poliklinikaga borganimizda elektr energiyasi yo‘q, xonalar sovuq edi. Muassasa rahbarining aytishicha, binoni isitish uchun zarur miqdorda ko‘mir keltirilgan. Ammo, isitish qozonida suv haydash uchun elektr energiyasi zarur. Shu sababli elektr ta’minoti bo‘lmaganda xonalar ham sovib ketar ekan. Bunday paytda tibbiy apparatlardan qanday foydalanasizlar, degan savolimizdan so‘ng poliklinikaga hali tibbiy uskunalar berilmagani oydinlashdi.
– Ayni shu masalada vazirlikkacha murojaat qildik, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi. – Respublikadan mas’ullar kelib holatni o‘rganib ketdi. Lekin haligacha tibbiy apparatlar berilmadi. Bundan tashqari, tog‘li hudud bo‘lganimiz uchun tez yordam xizmatiga maxsus avtomashina so‘raganmiz. Albatta, xalqimiz mahallada poliklinika qurilganidan minnatdor. Endi bu muassasa zamonaviy jihozlar bilan ham ta’minlansa, ayni muddao bo‘lardi.
Ushbu masala yuzasidan Urgut tuman tibbiyot birlashmasi bosh vrachi Dilshod Tog‘ayev bilan bog‘langanimizda u ham tibbiy jihoz masalasi vazirlik tomonidan ko‘rib chiqilayotgani, lekin qachon ajratilishi hali nama’lumligini qayd etdi.
Foydalanishga topshirilganiga endigina bir yil to‘lgan poliklinika binosining ayrim joylarida qurilish ishlari bilan bog‘liq kamchiliklarga ko‘zimiz tushdi. Muassasa rahbari bu kamchiliklar qurilish tashkilotiga aytilgani va tez orada bartaraf etilishini aytdi. Ishqilib, poliklinikaga yangi jihozlar ajratilguncha bu nuqsonlar ham tuzatilsin-da...
G‘olib HASANOV,
Alisher ISROILOV (foto.)