Prezident raisligidagi yig‘ilishda Jomboydagi korxona o‘rnak qilib ko‘rsatildi

Davlat rahbari ishtirokidagi yig‘ilishda yil yakuniga qadar birjalarga o‘z mahsulotini olib chiqadigan mahalliy tadbirkorlar sonini kamida 2 baravarga, mahsulotlar turini esa 5 baravarga oshirish zarurligi qayd etildi.

Hozirda 45 mingdan ziyod mahalliy sanoat korxonalarining bor-yo‘g‘i 7 foizi birjaga o‘z mahsulotini chiqarayotgani tanqid qilindi.

Jomboy tumanidagi g‘isht ishlab chiqaruvchi korxona o‘z mahsulotini birjaga olib chiqishi natijasida 21 milliard so‘mlik daromad olgan. Uychi tumanidagi beton qorishmasi ishlab chiqaruvchi korxona 10 milliard so‘mlik mahsulotini birja orqali sotgan.

Viloyat, tuman va shahar hokimlari tomonidan bu tajriba joylarda yo‘lga qo‘yilmagani Prezident tomonidan tanqid qilindi.

24 ta tuman qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashdi. Ushbu tumanlarda joriy yilda umumiy qiymati 1,6 milliard dollarlik 150 ta loyihani amalga oshirish reja qilingan.

Lekin, bugungi kunda gipsokarton, quruq qurilish qorishmalari, lak-bo‘yoq, kafel, mix kabi mahsulotlarni birjaga qo‘yish bo‘yicha cheklovlar mavjud.