Probatsiya hisobida turgan shaxslar ishli bo‘ldi
Viloyat prokuraturasi Past Darg‘om tumanida tuman hokimligi, prokuraturasi, ichki ishlar organlari hamda sohaga aloqador tashkilotlar bilan hamkorlikda probatsiya hisobida turuvchi 170 nafar yoshlar va xotin-qizlar uchun umumprofilaktik tadbir o‘tkazdi.
Viloyat hokimining o‘rinbosari X.Ochilov, viloyat prokurori R.Masharipov ishtirok etgan tadbirda xotin-qizlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, ularga suyultirilgan gaz ballonlari, turli uy-ro‘zg‘or buyumlari, tikuv mashinalari sovg‘a qilindi. Yoshlarga motokultivator, payvandlash uskunalari, oziq-ovqat mahsulotlari berildi, turli badiiy kitoblar tarqatildi.
Probatsiya hisobida turuvchi nazoratdagi shaxslarning 12 nafari ishga joylashtirildi, 8 nafariga ishga yo‘llanma berildi. Shuningdek, 6 nafar nazoratdagi shaxslarga imtiyozli kreditlar ajratish haqida hujjatlar rasmiylashtirildi, 18 nafariga kredit ajratish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Shu kunning o‘zida Istiqbol mahallasida yashovchi, probatsiya hisobida turuvchi X.Yo‘ldoshevaga “Dilafruz” fermer xo‘jaligidan 0,50 gektar yer maydoni ajratildi va kartoshka hamda 3 ming tup tut ko‘chati ekib berildi.
Tadbir so‘ngida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi tomonidan sayyor sud o‘tkazildi. Unda 15 nafar jazo o‘tayotgan shaxslarning o‘talmay qolgan jazolari muddatidan ilgari shartli ravishda tugatildi va ular ozod etildi.
Past Darg‘om tumani hokimligi axborot xizmati.