Professional ta’lim tizimining normativ-huquqiy hujjatlari qabul qilindi
"O‘zbekiston Respublikasida uzluksiz boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim tizimini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida" Hukumat qarori (466-son, 07.08.2020 y.) qabul qilindi.
Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida uzluksiz boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, professional ta’lim mehnat bozoridagi kadrlarga bo‘lgan real ehtiyoj, ish beruvchilarning takliflari hamda "Hayot davomida ta’lim olish" prinsipi asosida ta’lim olishga mo‘ljallangan.
Professional ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlarda amalga oshiriladi.
Kollej va texnikumlarda kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shakllari joriy etiladi.
Professional ta’lim muassasalarida qoidaga ko‘ra, guruhlarda kamida 12 nafar va ko‘pi bilan 30 nafar o‘quvchi tahsil oladi.
Ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli bitirganlarga davlat namunasidagi diplom beriladi.
Diplom olingan bilim, ko‘nikma va malakalarni mehnat faoliyatida qo‘llash huquqini beradi.
Mehnat bozoridagi ehtiyojlar, jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari uchun raqobatbardosh kadrlarni professional ta’lim bosqichlarini joriy qilish orqali tayyorlash hamda turli yoshdagi shaxslarning “Hayot davomida ta’lim olish” prinsipi asosida ta’lim olishga bo‘lgan talablarini qondirish professional ta’limning maqsadi etib belgilandi.
Professional ta’limning bir qator vazifalari ham belgilab qo‘yildi, jumladan:
- ish beruvchilarning talab va takliflariga asosan kadrlarga bo‘lgan real ehtiyoj asosida malakali mutaxassislarni tayyorlash;
- axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlash;
- mahalliy va xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etish;
- tabaqalashtirilgan ta’lim dasturlarini hamda o‘qitishning kredit-modul tizimini bosqichma-bosqich joriy etish;
- ta’lim olish bilan birgalikda o‘quvchilarga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha zarur bilimlarni berish va ularni kelgusida o‘z biznesini tashkil etishi yuzasidan metodik qo‘llab-quvvatlash va boshqa vazifalar belgilandi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 466-son qarori bilan kasb-hunar maktablarining, kollejlarning hamda texnikumlarning namunaviy ustavlari ham tasdiqlandi.
R.Fayziyev,
Samarqand viloyati kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.