Professorlar bugun qancha maosh olyapti?

Oliy ta’lim muassasalarining rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilari, shuningdek, boshqa xodimlar mehnatiga haq to‘lash borasida keyingi yillarda ijobiy ishlar qilindi. 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari tabaqalashtirilgan holda oliy ta’lim muassasalari rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilarining, shuningdek, ilmiy-tadqiqot muassasalarining fundamental, amaliy tadqiqotlar ilmiy-texnik dasturlarini amalga oshirish va innovatsiya ishlarida ishtirok etayotgan ilmiy xodimlarning ish haqi o‘rtacha 25 foizga oshirildi.

Buni Samarqand davlat universiteti misolida aytadigan bo‘lsak, 2018 yilning 1 sentyabrigacha universitet professorlari 2.504.755 so‘m miqdorida maosh olgan.

2018 yil 1 sentyabrdan – 3.700.000 so‘m;

2018 yil 1 noyabrdan – 4.070.000 so‘m;

2019 yil 1 yanvardan – 4.884.000 so‘m;

2019 yil 1 iyuldan – 6.105.000 so‘m;

2019 yil 1 avgustdan – 6.715.500 so‘m.

Professor unvoniga ega bo‘lmagan, biroq fan doktori, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga yoki dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘lgan, professor lavozimiga bir muddatga qabul qilingan shaxslarga bazaviy lavozim maoshi quyidagicha miqdorda belgilandi:

2018 yil 1 sentyabrdan – 3.130.000 so‘m;

2018 yil 1 noyabrdan – 3.443.000 so‘m;

2019 yil 1 yanvardan – 4.131.000 so‘m;

2019 yil 1 iyuldan – 5.164.000 so‘m;

2019 yil 1 avgustdan – 5.680.950 so‘m.

Shuningdek, universitetda ilmiy darajaga va ilmiy unvonga ega bo‘lgan katta o‘qituvchilar 4.954.950 so‘m, assistent, o‘qituvchilarning maoshi 4.374.150 so‘mgacha oshdi.

Lekin bu hammasi emas. Agar professor-o‘qituvchilar pensiya yoshida bo‘lsa, ularga 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab pensiya pullari to‘liq miqdorda to‘lanmoqda.

- Universitetimizda nafaqadagi professorlar maoshi, dars soatlari, pensiya pullari qo‘shilgan holda 10 million so‘mgacha pul olyapti, - deydi Samarqand davlat universiteti moliyaviy rejalashtirish bo‘limi boshlig‘i Sheroz Ismatullayev. Bugungi kunda universitetda 100 dan ortiq professor, 321 nafar dotsent, 150 nafar katta o‘qituvchi va 600 ga yaqin assistent mehnat qilmoqda.

Xurshida ERNAZAROVA.