Qo‘shrabotda oylik maoshi saqlanmagan 350 nafar xodim murojaati yuzasidan rasmiy axborot berildi

2019 yilning 8 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani Zarmitan qo‘rg‘onida joylashgan “Samarqandgeologiya” davlat unitar korxonasiga qarashli “Zarmitan geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi”ning 350 nafar xodimi oylik maoshi saqlanmagan holda ta’tilga chiqarilgan mazmunidagi videomurojaat e’lon qilingan edi.

Videomurojaatda keltirilgan holatlarning qanchalik haqiqatga yaqinligiga oydinlik kiritish maqsadida maxsus ishchi guruh tuzildi va dastlabki o‘rganish ishlari olib borildi, deya xabar bermoqda Davlat geologiya qo‘mitasi.

O‘rganish yakunlariga ko‘ra, videomurojaatda tilga olingan holat xaqiqatga to‘g‘ri kelmasligi aniqlandi. Buni mutasaddilarning quyidagi fikrlari ham isbotlab turibdi.

Videomurojaat muallifi Xabiba Toshboyeva “Zarmitan geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi”ning ishchi xodimi emas, ayni paytda Turkiya davlatida istiqomat qilayotgani aniqlandi.

2019 yil 8 oktyabr kuni “Samarqandgeologiya” davlat unitar korxonasi rahbariyati, Qo‘shrabot tumani adliya bo‘limi bosh mutaxassisi J.Qarshiyev, Qo‘shrabot tumani bandlikka ko‘maklashish markazi yordamchi huquq inspektori X.Xamroyev, Qo‘shrabot tumani hokimiyati axborot xizmati rahbari B.Mamadiyorov zudlik bilan masalani joyida o‘rganish maqsadida korxona jamoasi bilan videomurojaatda ko‘rsatilgan masala bo‘yicha uchrashuv o‘tkazdi.

Zarmitan dala geologiya qidiruv ekpeditsiyasi “Samarqandgeologiya” davlat unitar korxonasi tasarrufida faoliyat olib boradi. Tashkilotda jami 358 nafar ishchi-xodim mehnat qiladi. Geologiya qidiruv ishlari har yili tasdiqlanadigan davlat dasturi asosida olib boriladi. 1 oktyabr holatida Zarmitan dala-geologiya qidiruv ekspeditsiyasiga belgilangan burg‘ulash ishlarining yillik hajmi to‘liq bajarib bo‘lingan. Shu jihatdan ta’kidlab o‘tish joizki, ayrim geologiya-qidiruv ob’yektlari iqlim hamda tog‘-geologik sharoiti murakkabligidan kelib chiqib, mavsumiy xarakterga ega. Ushbu ob’yektlarda olib borilgan ishlar asosida yakuniy hisobotlar tuzilib, davlat zaxiralari komissiyasiga taqdim etishga tayyorlanmoqda.

Shu sababli yuqorida ko‘rsatilgan burg‘ulash ishlarini yakunlagan brigada a’zolariga va yordamchi sex ishchi-xodimlariga (jami 85 nafar) o‘zlarining tashabbuslari bilan, arizalari asosida maoshsiz ta’til berilgan. Qolgan 273 nafar ishchi-xodim mehnat faoliyatini davom ettirmoqda.

Bu kabi asoslantirilmagan va haqiqiy holatga mos kelmaydigan salbiy xabar va ma’lumotlarni tarqatganlik yuzasidan qonunchilikda tegishli choralar ko‘rish belgilab qo‘yilgan.

Olib borilayotgan o‘rganish yakunlari haqida batafsil axborot beriladi.