Maktablardagi kadr xizmati xodimlariga 16 mlrd. so‘m kam oylik to‘langanligi aniqlandi

Qo‘shrabot tumani maktablaridagi kadrlar xizmati xodimlariga belgilangan tariflar bo‘yicha ish haqi to‘lanmagani, bu masala tuman adliya bo‘limi tomonidan o‘rganilgani haqida xabar qilgandik.

Adliya vazirligi tizimidagi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan respublikadagi 9 758 ta davlat o‘rta ta’lim maktablaridagi kadrlar xizmati xodimlariga oylik maosh to‘lash amaliyoti o‘rganildi.

Ma’lum qilinishicha, o‘rganish o‘tkazilgan maktablarda 9 787 ta kadrlar xizmati xodimlari shtat birliklari mavjud bo‘lib, ularda 9 937 nafar (0,5 stavka ham qo‘shib hisoblaganda) xodimlar faoliyat yuritmoqda. Ushbu xodimlarning 911 nafari oliy ma’lumotli, 9 026 nafari oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan mutaxassislardir.

Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, oliy ma’lumotli xodimlarning lavozim razryadlari – 7-razryad, oliy ma’lumotli bo‘lmagan xodimlarning lavozim razryadlari – 6-razryad etib belgilangan.

Biroq o‘rganish davomida aksariyat tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan maktablardagi kadrlar bo‘limi xodimlarining mehnatga haq to‘lash bo‘yicha lavozim razryadlari past belgilangani aniqlandi.

Xususan, 160 holatda 2-razryad, 1 353 holatda 3-razryad, 48 holatda 4-razryad, 4 000 holatda 5-razryad, 4 160 holatda 6-razryad va 216 holatda 7-razryad etib belgilangan.

Qonunchilikka zid ravishda past razryad bo‘yicha ish haqi to‘lanish holatlari yuzasidan hududiy adliya organlari tomonidan 1 832 ta ta’sir choralari kiritilib, unga ko‘ra 6 038 nafar xodimning lavozim razryadini muvofiqlashtirish so‘ralgan.

Bundan tashqari, qonunchilik talablariga zid ravishda xodimlarning mehnatga haq to‘lash bo‘yicha lavozim razryadlari asossiz pasaytirilishi natijasida jami 16 mlrd. so‘mga oylik maoshlar kam to‘langan.

Hozirda hududiy adliya organlari tomonidan sudlarga tegishli da’vo arizalari kiritilib, kam hisoblangan oylik maoshlarini to‘latib berish choralari ko‘rilmoqda.

Hozirgacha adliya bo‘limlari tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida 3 mlrd. so‘m to‘lab berildi va qolgan qismini ham undirish choralari ko‘rilmoqda.