Profilaktika inspektori Zarafshon daryosida oqib ketayotgan fuqaroni qutqarib oldi

Kecha, 28 iyun kuni soat taxminan 13:30 larda Samarqand shahar O‘zbektrakt ko‘chasi va Oydin yo‘li ko‘chasi kecishmasi yaqinida “Zarafshon” daryosida oqib kelayotgan, Jizzax viloyati Zomin tumanida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan fuqaro profilaktika katta inspektori katta leytenant Zohid Beknazarov tomonidan qutqarib qolindi.

Fuqaro ehtiyotsizligi oqibatida suvga tushib ketib, “Zarafshon” daryosida oqib ketgan. Shu hududda profilaktik tadbirlarni amalga oshirayotgan profilaktika inspektori, katta leytenant Zohid Beknazarovning holatga ko‘zi tushib qolib, zudlik bilan voqea joyiga yetib kelib, oqar suvdan fuqaroni chiqarib olib, hayotini saqlab qolgan.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, fuqaroga tezkorlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan.