Ikki yilda 50 nafardan ziyod fuqaro suvda cho‘kib halok bo‘ldi

Viloyatdagi cho‘milish havzalarining holati qanday?
Yozning jazirama kunlarida ko‘pchilik salqin joylarga borishni va suv havzalarida cho‘milishni xohlaydi. Ayniqsa, bolalar ta’tilda daryo, kanal va soy bo‘yiga talpinadi . Ba’zida taqiqlangan suv havzalarida cho‘milishlari oqibatida hayotlariga xavf tug‘iladi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda har yili 310 ming kishi suv havzalarida cho‘kib halok bo‘ladi. Misol uchun, ikki yil oldin Paxtachi tumanida Zarafshon daryosiga uch nafar voyaga yetmagan bola cho‘milgani borib, ehtiyotsizlik oqibatida cho‘kib ketdi. Buning asosiy sababi esa cho‘milish mumkin bo‘lgan suv havzalarining yetishmasligi, xavfsizlik qoidalariga amal qilmaslikdir.
Xo‘sh, viloyatda suvda cho‘kish bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida qanday ishlar amalga oshirilmoqda, umuman, Samarqanddagi suv havzalarining bugungi holati talabga javob beradimi? Viloyatda nechta qutqaruv brigadasi bor?
- Viloyatda 35 ta cho‘milish suv havzasi ro‘yxatdan o‘tgan, - deydi viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Begzod Nazarov. – Bugungi kunda viloyatda maxsus vazifalarni bajaruvchi mintaqaviy qutqaruv otryadi tarkibida qutqaruv g‘avvoslar brigadasi mavjud bo‘lib, ularda 10 nafardan ziyod g‘avvos faoliyat olib bormoqda. Suvda qutqarish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha barcha yetarli texnika va asbob-anjomlar mavjud va shay holatga keltirilgan.
Aytish joizki, keyingi ikki yilda Samarqandda 41 holatda 50 nafardan ziyod fuqaro suvga cho‘kib halok bo‘lgan. Mavsum oldidan viloyatning xududiy favqulodda vaziyatlar bo‘limlari hamkor tashkilotlar bilan birgalikda barcha tuman va shaharlarda cho‘kish bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning holatini o‘rganib, muammo va kamchiliklarni vaqtida bartaraf etdi.
Shuningdek, viloyat xududida cho‘milish taqiqlangan, qo‘riqlanmaydigan fuqarolar cho‘milishi ehtimoli bo‘lgan 76 ta xavfli uchastka aniqlangan bo‘lib, ko‘llar, daryolar, kanal va ariqlar hududida yuzga yaqin taqiqlovchi belgilar o‘rnatildi. Ayni paytda kamchilik aniqlangan oltita cho‘milish havzasida hamda mahallalarda, o‘quv muassasalari va suv xo‘jaligi ob’yektlarida profilaktik tadbirlar davom etmoqda.
Suvga cho‘kish holatlarning aksariyati suv harorati doimiy past va oqim tez bo‘lgan cho‘milish ruxsat etilmagan joylarda qayd etilgan. Bunday joylar Zarafshon, Oqdaryo va Qoradaryo daryolari, Kattaqo‘rg‘on, Oqdaryo, To‘sinsoy, Qorasuv va Qoratepa suv omborlari, Darg‘om, Bulung‘ur, Shaxob, Xatirchi-Miyonkol, Tuyatortar, Mirzaariq, Kattaqo‘rg‘on suv omboriga kirish va chiqish, Narpay va Siyob kanallari kiradi.
Mazkur suv ob’yektlari qishloq xo‘jaligida melioratsiya tadbirlari uchun suv yetkazib berish maqsadida barpo etilgan. Bu joylar cho‘milishga mo‘ljallanmagan va cho‘milish tavsiya etilmaydi.
Chunki suvning gigiyenik holati talabga javob bermaydi, oqim juda tez, ba’zi joylarda keskin, chuqurlik tik va botiq, suv osti notekis va noma’lum, ko‘rish darajasi juda past, qirg‘oqlari beqaror, eng yomoni, yordam berishga shay turadigan qutqaruvchilar yoki qutqaruv asbob-anjomlari bilan jihozlanmagan.
Ilhom Boqiyev.