Urgutda 16 yoshli yigit kanalda cho‘kib ketib, halok bo‘ldi

Viloyat prokuraturasining xabar qilishicha, 2022 yil 8 iyun kuni soat taxminan 12:00 larda Urgut tumani Rahmatobod mahallasidan oqib o‘tuvchi Zarafshon daryosining chap qirg‘oq kanaliga shu mahallada yashovchi 2006 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan F.M. o‘z ehtiyotsizligi oqibatida tushib ketib, cho‘kib ketgan.

Ko‘rilgan qidiruv ishlari natijasida, 16 iyun kuni soat 13:30 larda “Boybul” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tgan “Jartepa” va “Panjikent” yo‘nalishini kesib o‘tuvchi “Yangi Darg‘om” kanalining o‘ng tomon qirg‘og‘idan F.M.ning murdasi tan jarohatlarisiz topilgan.

O‘lim sababini aniqlash uchun sud tibbiyot ekspertizasi tayinlangan, biroq marhumning ota-onasi va yaqin qarindoshlari holat yuzasidan biron bir kishiga da’vo va e’tirozlari yo‘qligini va ekspertizadan o‘tkazishga norozi ekanligini bildirishgan.

Voyaga yetmagan F.M. o‘zining ehtiyotsizligi oqibatida suvga tushib cho‘kib vafot etishi holatida biror-bir shaxsning harakati yoki harakatsizligida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli, Urgut tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.