Kattaqo‘rg‘on suv omborida mast holda cho‘kib ketayotgan insonning hayoti saqlab qolindi

Kecha, 7 iyun kuni Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi fuqaro (1960 yilda tug‘ilgan) spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda Kattaqo‘rg‘on suv omborining chiqish kanaliga cho‘milish maqsadida suvga tushgan.

Faviulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaganligi sababli u suvda cho‘ka boshlagan.

Shu vaqt kanal yaqinidan o‘tib ketayotgan fuqaro jabrlanuvchining ahvolini ko‘rib, zudlik bilan Kattaqo‘rg‘on shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limiga xabar qilgan.

Qutqaruvchilarning tezkor harakatlari sababli jabrlanuvchi o‘z vaqtida qutqarib olindi. Jabrlanuvchiga tuman tez yordam shifokorlari tomonidan zarur yordam ko‘rsatildi. Qayd etilishicha, uning salomatligiga ziyon yetmagan.