QAHVA: Mamlakatlar va odatlar
Qahva umrni uzaytiruvchi hamda jiddiy kasalliklar xavfini kamaytiruvchisi hisoblanadi. Olimlar buni qahva tarkibidagi tanani himoya qiluvchi bioaktiv moddalar bilan bog‘liq deb hisoblashadi.
Ilmiy tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, qahva insonni saraton va yurak kasalliklari kabi yoshga bog‘liq kasalliklardan himoya qilish orqali uning uzoq umr ko‘rishiga yordam berar ekan. Kuniga bir finjon qahva erta o‘lim xavfini 8 foizga, ikki-besh finjoni uni 12 foizga, oltitasi esa 16 foizga kamaytiradi. Shifokorlar bundan ko‘p miqdorda qahva ichishni maslahat bermaydilar.
Tadqiqotchilar kofe ichuvchilar xromosomalarining uchlari uzunroq telomerlarga ega ekanligini aniqlashdi. Ular qanchalik uzun davom etsa, DNK shunchalik yaxshi himoyalangan hisoblanadi. Yosh o‘tishi bilan telomerlarning qisqarib borishi hujayralar qarishiga olib keladi.
Barcha afzalliklariga qaramay, qahva hamma uchun birdek foydali emas. Ichimlikni noto‘g‘ri tayyorlash, unga organizm uchun zararli bo‘lgan turli qo‘shimchalarni aralashtirish hollari ko‘p uchraydi. Xo‘sh, dunyo xalqlari qahvani qanday usullarda tayyorlashadi?
Dunyo mamlakatlari qahvalarini tatib, nafaqat mahalliy madaniyat haqida bilib olasiz, balki ichimlikning yangi qirralarini ham kashf etasiz.
Amerika qahvasi
Bu davlatda qahva katta hajmli idishlarda taqdim etiladi. Amerikaliklar qahvani deyarli hamma joyda – ishga ketayotganda, metroda, yayov yurib borayotganda ichishadi. Bu mamlakat qog‘oz qahva idishlari vatani hisoblanadi.
Kunjutli qahva
Qahva tayyorlashda o‘z usuliga ega Marokashda achchiq ichimlikdan bahramand bo‘lishingiz mumkin. Bu yerda ichimlikni kunjut, zanjabil, kardamon, qalampir yoki boshqa qo‘shimchalar qo‘shib tayyorlashadi. Shu sababli marokash qahvasini hamma ham sut yoki suv qo‘shmasdan ichishga qodir emas. Ammo uning tetiklantiruvchi ta’siri sizni ko‘p kuttirmaydi
Shirintomoqlar uchun vetnamcha qahva
Vetnamliklar finjonga qahvadan avval quyultirilgan sut solishni unutmaydilar. Bu issiq iqlimli mamlakatda qahvaga muz qo‘shib ichishingiz ham mumkin. Ko‘plab sayyohlar Vetnam qahvasi bir ho‘plashdayoq maftun etishini tan olishadi.
Irlandcha qahva
Irlandiya qahvv kokteyli Xalqaro barmenlar assotsiatsiyasi ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, uning tarkibi qora qahva, irland viskisi, jigarrang shakar va ko‘pirtirilgan kremdan iborat. Bu usulda tayyorlangan qaynoq qahva kuzgi Irlandiyaning salqin va nam havosida isinib olish uchun ayni muddao hisoblansa ham iste’molda uning tarkibida alkogol borligini e’tiborga olish zarur.
Saudiya arabistonida qahvani qanday ichishadi?
Saudiya Arabistonida qahva mehmonlar ko‘z o‘ngida tayyorlanadi. Dolchin yoki kardamon qo‘shib tayyorlangan qahva avval yoshi ulug‘larga va undan keyin boshqalarga uzatiladi. Arablar qahvani ixcham finjonlarda, an’anaviy shirinliklar bilan tanovul qilishadi. Shuningdek, ular qahvani sekin-sekin, shoshmasdan ichish bilan xonadon sohibiga hurmat va ehtirom izhor etadilar.
Italiya. Espresso va kapuchino haqida
Qahvaning espresso, kapuchino va latte kabi klassik turlari italiyaliklar tomonidan o‘ylab topilgan. Italiyaliklar sutli qahvani faqat tongda ichishsa, espressoni esa kunning istalgan vaqtida, ammo doim ichimlikning ta’mini oshiruvchi limon bo‘lagi bilan ichishadi.
Qaysi yoshdan iste’mol qilish mumkin?
Shifokorlar qahvani 14-15 yoshdan, o‘smirlarda balog‘at davri gormonal o‘zgarishlari o‘tgach icha boshlashni tavsiya etishadi.
Xalqaro qahva tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra Finlyandiya eng qahvasevar mamlakat hisoblanadi. Finlar yiliga o‘rtacha 12 kg qahva iste’mol qilishadi.
O‘zbekistonda asosan choyni xush ko‘rishsa ham, statistika qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra 2022 yilning yanvar—iyul oylarida respublikamiz xorijiy davlatlardan qiymati 1,8 mln dollarga teng 257,2 tonna qahva mahsulotlarini import qilgan. Agar matematikadan olgan bilimim pand bermagan bo‘lsa, bu aholi jon boshiga 0.0072 kilogrammni tashkil etar ekan.
Qahva mavzusi bitmas-tuganmas mavzu. Agar ma’lumotlar sizni qiziqtirgan bo‘lsa bu mavzuga yana qaytamiz.