Qanday vasiyatnoma notarial tasdiqlangan vasiyatnomaga tenglashtiriladi?
Qonunchilikka ko‘ra, vasiyat qiluvchi tomonidan yozilgan yoki uning so‘zlaridan notarius tomonidan yozib olingan vasiyatnoma notarial tasdiqlangan vasiyatnoma hisoblanadi.
Yana shunday holatlar bo‘ladiki vaziyat nuqtai nazaridan boshqalar tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalar ham notarial tasdiqlangan vasiyatnomalarga tenglashtiriladi.
Ular quyidagilar:
- kasalxonalar, gospitallar, boshqa statsionar davolash muassasalarida davolanayotgan yoki qariyalar va nogironlar uylarida yashab turgan fuqarolarning ana shu kasalxonalar, gospitallar va boshqa davolash muassasalarining bosh vrachlari, ularning davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari yoki navbatchi vrachlari, shuningdek gospitallarning boshliqlari, qariyalar va nogironlar uylarining direktorlari yoki bosh vrachlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari; fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i ostidagi kemalarda suzib yurgan vaqtidagi ana shu kemalarning kapitanlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
- qidiruv ekspeditsiyalari yoki shu kabi boshqa ekspeditsiyalardagi fuqarolarning ana shu ekspeditsiyalar boshliqlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
- harbiy xizmatchilarning, notariuslar bo‘lmagan yerlarda joylashgan harbiy qismlarda esa, bu qismlarda ishlayotgan harbiy bo‘lmagan fuqarolar, ularning oila a’zolari va harbiy xizmatchilar oila a’zolarining ham harbiy qismlarning komandirlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
- ozodlikdan mahrum etish joylarida yoki qamoqda saqlanayotgan shaxslarning tegishli muassasalar boshliqlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
- notarius bo‘lmagan aholi punktlarida yashayotgan shaxslarning qonunga muvofiq notarial harakatlarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxslar tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari.
Savolga Urgut tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Umidjon Bekmuxamedov javob berdi.