Qashqadaryodan xat: “Islom Karimov fondi” Birinchi Prezidentim haqidagi kitobimni nashr etilishida ko‘maklashdi

Assalomu alaykum, Zarnews.uz sayti xodimlari. Men ushbu elektron xatimni sizlarga minnatdorlik sifatida yo‘llayapman.

Negaki, 2017 yilda Samarqandga borib, Birinchi Prezidentimiz qabrini ziyorat qilganim va bu bilan bog‘liq kechinmalarimni yozganimda “Zarafshon” gazetasida bosilishida ko‘mak bergandingizlar. 2018 yilda Islom Karimov xotirasiga she’r yozib, tahririyatga borganimda bosh muharrir Islom Karimov muzeyiga mashqlarim va kitoblarimni yuborishga tavsiya bergandi.

Shundan keyin she’rlarimni “Islom Karimov fondi”ga yubordim. Oradan uch oy o‘tib, uy manzilimga majmua direktori Temur Shirinov imzosi bilan xat keldi. Unda she’rlarim “Qalbimizda barhayot siymo” nomi bilan kitob holida chop etilgani, ushbu kitobim majmua kutubxona fondiga kiritilgani yozilgandi.

Garchi umurtqam operatsiya qilinganidan keyin birinchi guruh nogironi bo‘lib, aravachada yurayotgan bo‘lsam-da, bu xat menga qanot berdi. Yana bir jihatdan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasi oldida bir oddiy farzand sifatida burchimni ado etganimdan ruhim taskin topdi.

Zarnews.uz saytini doim kuzatib boraman. Sizlarning maslahat va daldangiz menga ijodda quvvat bo‘lganidan mamnunman. Darvoqe, “Zarafshon”da she’rim bosilgach, bundan ruhlanib, «Yasha deydi yuragim» degan ikkinchi kitobimni ham yozdim.

Marhabo Karimova,

Qashqadaryo viloyati, Kitob tumani.