Qirg‘iz madaniyati kunlari Samarqandda davom etdi
Samarqand xalqaro aeroportida mehmonlarni viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov, viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i B.Sharofov va keng jamoatchilik vakillari tantanali kutib olishdi.
Qirg‘iziston Respublikasi madaniyat, axborot va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari Baqtibek Sekimov rahbarligidagi delegatsiya a’zolari dastlab Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qabrini ziyorat qilib, Hazrati Xizr majmuasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishishdi. Shuningdek, mehmonlar Amir Temur maqbarasi, Registon maydonini tomosha qildi.
– Bugun ikki qardosh xalqlari o‘rtasidagi yaqin aloqalar barcha sohalarda mustahkamlanib bormoqda, – deydi san’atkor Baqit Shatenov. – Xususan, san’at sohasida ham qator islohotlar amalga oshirilmoqda. San’at xalqlarni yanada yaqinlashtiradi. Shuning uchun bugun samarqandliklarga o‘zimizning milliy san’atimizni namoyish etishni maqsad qilganmiz. O‘ylaymanki, o‘tkazilayotgan bu kabi madaniyat kunlari xalqlarimiz o‘rtasidagi abadiy do‘stlikni yanada mustahkamlaydi.
Bugun tadbir doirasida 16:30 da “Sharq yulduzi” kinoteatrida qirg‘izistonlik kino ustalari tomonidan suratga olingan "Qurbonjon Dodxoh" badiiy filmi taqdimoti hamda kinoijodkorlar bilan uchrashuv o‘tkaziladi.
Shuningdek, 18:00 da Samarqand viloyat musiqali drama teatrida To‘xtag‘ul Sotilg‘onov nomidagi qirg‘iz davlat filarmoniyasining milliy folklor dasturi va qirg‘izistonlik san’atkorlarning konserti namoyish etiladi