Qishloqdoshlarini o‘ylab, poytaxtdan qaytgan o‘qituvchi

Payariqlik Bahodir Anorov tumandagi 84-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qidi. 2015 yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetini muvaffaqiyatli tamomladi va uning uchun ustozlari tavsiyasi asosida shu oliy o‘quv yurtida ishga qolish imkoniyati tug‘ildi. Ammo...

 Universitetda qolish Bahordirning orzusi edi, ammo u o‘zi tug‘ilib o‘sgan Oqqo‘rg‘on qishlog‘ida ingliz tili o‘qituvchilariga ehtiyoj kattaligini dildan his qildi.

- Qishlog‘imizda har doim iste’dodli yoshlar ko‘p bo‘lgan, - deydi u. – Ammo orada shunday yosh iqtidor egalariga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan ustozlar kamayib qoldi. Shuni anglagan holda Toshkentda qolmasdan, qishloqqa qaytishga qaror qilganman. Bundan afsuslanmayman. Sababi, shu qishloqda turib ham ulkan marralarni zabt etish mumkin.

Bahodir yosh bo‘lishiga qaramasdan shu paytga qadar ko‘pgina shogirdlar tayyorlashga erishyapti. Masalan, u ishga kelgandan beri maktabni tamomlagan bitiruvchilarning 20 nafardan ortig‘i ingliz tili yo‘nalishida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan. Shuningdek, u “Zakovat” va boshqa intellektual o‘yinlar uchun klublar tashkil qilgan. Ularda hali maktabga chiqmagan bolajonlardan tortib, nuroniylar hamda oilaviy jamoalar qatnashadi. Ular bo‘sh vaqtlarida bu klublarda bilimlarini boyitadi va hordiq chiqarishadi.  

- Bolaligimdan “Zakovat” ko‘rsatuvini kuzatib borardim, - deydi Bahodir Anorov. – Sa’y-harakatlarim natijasida orzularimga erishib kelyapman. Jobir Ahmedov, Bobur Yoqubov, Xushnud Xudoyberdiyev kabi taniqli “zakovat”chilar, bilimdonlar bilan uchrashish, bir davrada o‘yinlarda ishtirok etish nasib qildi. Bugungi kunda mahallamiz yoshlari bilan birga intellektual o‘yinlarning respublika bosqichlarida qatnashib, faxrli o‘yinlarni egallab kelyapmiz.

Bahodir jamoasi bilan 2021 yilda viloyatimizda o‘tkazilgan intellektual o‘yinda qatnashib, 100 million so‘m miqdorida pul mukofotini qo‘lga kiritgan. Bunday yutuqlarga bir necha bor erishgan.

Shu yil Yoshlar kuni munosabati bilan faol va tashabbuskor yigit-qizlarning bir guruhi davlatimiz rahbari farmoniga ko‘ra "Kelajak bunyodkori" medali bilan taqdirlandi.

- Ular orasida men ham borligimdan xursandman, - deydi Bahodir Anorov. - Bu menga shodlik bag‘ishlash bilan birga mas’uliyat ham yukladi. Prezident bilan uchrashganimda u kishiga va’da berganimdek, yosh avlodni tarbiyalashda, ularning intellektual salohiyatini oshirish yo‘lida o‘z hissamni qo‘shishda bor kuch-g‘ayratimni ayamayman.

Dilshoda Yusupova,

Baxtiyor Mustanov (video).