Qo‘li kaltalarni qo‘llashga burchlimiz

Yuzaga kelgan pandemiya sharoitida xalqimiz orasida iqtisodiy jihatdan qiynalib qolganlar borligi sir emas. Shu sababli xalqning vakillik organidagi noibi sifatida saylovchilarning manfaatlarini himoya qilish, ularga ko‘mak berish maqsadida amaliy ishlar olib boryapmiz.

Xususan, har haftada bir kunni saylov okrugidagi aholining turmush sharoitini o‘rganishga ajrataman. O‘rganishlar davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan 10 ta oilaga bepul oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilishini yo‘lga qo‘ydik.

Yakunlanayotgan hafta kam ta’minlangan xonadonlar ro‘yxatiga yana 10 ta oila qo‘shdik. Ularga 500 kilogramm un, 20 kilogramm go‘sht va 5 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini tadbirkorlar va mahalla faollari ishtirokida topshirdik.

Shuningdek, aholi daromadlarini oshirish borasida tomorqadan unumli foydalanish borasida tushuntirish ishlarini olib boryapmiz. Kimning ko‘chat yoki qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘ini olishga imkoni bo‘lmasa, amaliy yordam berish choralarini ko‘ryapmiz. Misol uchun, yaqinda 5 ta kam ta’minlangan xonadonga tegishli mas’ullar bilan zarur miqdorda mevali daraxt ko‘chatlari va zarur ekinlar urug‘lari yetkazib berdik.

Darvoqe, Sirdaryoda yuzaga kelgan tabiiy ofat boshqa yurtdoshlarimiz kabi biz, qo‘shrabotliklarni ham befarq qoldirmadi. Bu borada “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan tashkil etilgan “Sardoba sari saxovat karvoni” aksiyasiga o‘z hissamizni qo‘shdik.

Albatta, hali qiladigan ishlarimiz bisyor. Xalqimiz ishonchini oqlash yo‘lida, bor kuchimiz bilan harakat qilamiz!

Burxon UMAROV,

xalq deputatlari Qo‘shrabot tumani Kengashi deputati.