Qonun-qoidalarni buzmagan tadbirkorlarga imtiyozlar oshib boradi
Joriy yilning 1 fevralidan boshlab tadbirkorlarning barqarorlik reytingi joriy etilgan edi.
U soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab, qonunchilik talablariga amal qilgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish va ularni rag‘batlantirishni nazarda tutadi.
Jomboy tumanidagi “Monchico” xorijiy korxonasi bolalar gigiyenik vositalarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Yillik mahsulot aylanmasi qiymati 7,800 million so‘m. Uning mahsulotlari bugungi kunda Arab Amirliklari, Tojikiston, Qozog‘iston, Rossiya hamda Qirg‘iz Respublikalariga eksport qilinadi.
Korxona faoliyatini yanada kengaytirib, quruq salfetka hamda yangi turdagi tagliklarni ishlab chiqara boshladi. Shunday bo‘lsa-da, barqarorlik reytingida ko‘rsatkichi pastligi sababli qator soliq imtiyozlaridan foydalana olmayapti.
Tuman soliq inspeksiyasi xodimlari korxona rahbariyatiga reyting va unda ko‘tarilish tartibu shartlari haqida tushuncha berdi, soliq hisobotlarini yuritishda yo‘l qo‘yilgan xatolar tuzatildi. Natijada korxona ham reytingda ko‘tarilishni boshladi, ham faoliyatini yanada rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, agar tadbirkor “AAA” toifadagi reytingga ega bo‘lsa:
- soliq organlari tomonidan tekshirishlar o‘tkazilmaydi;
- QQSdan hosil bo‘lgan soliq summasi bir kunda qaytariladi (amaldagi muddat 7 kundan 30 kungacha);
- QQSdan boshqa soliq turlari bo‘yicha hosil bo‘lgan ortiqcha soliqlar summalari uch kunda qaytarib berish (amalda 10 kundan 15 kungacha) yuzasidan qo‘shimcha preferensiyalar beriladi.
Reytingi past bo‘lgan korxonalar uchun jazolovchi choralar nazarda tutilmagan.