Qo‘shrabot tumanida tabiiy gazdan qariyb 100 million so‘mlik assossiz qarzdorlik bekor qilindi

Muammo adliya aralashuvi bilan hal etilgan.

Aniqlanishicha, “Qo‘shrabot tuman gaz” ta’minoti bo‘limi tomonidan “Sangzor mo‘jizasi” xususiy korxonasiga gazdan noqonuniy foydalanib kelganligi vaji bilan 99 459 360 so‘m miqdorida asossiz qarzdorlik hisoblangan.

Ya’ni, iste’molchi ruxsatsiz foydalanilgan gaz hajmlari qiymati korxona davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan vaqtdan boshlab gaz uskunasining sutkaning 24 soatida to‘liq quvvat bilan ishlashi va quvurning o‘tkazish imkoniyati hisobidan kelib chiqqan holda 499 kun hisoblanib, ortiqcha summa korxona bo‘yniga qo‘yilgan.

Iste’molchining e’tiroziga asosan, 2022 yilning 16 iyun sanasida gaz ta’minoti  xodimlari joyiga chiqib qayta xatlovdan o‘tkazib, dalolatnoma rasmiylashtirgan hamda o‘sha yilning 30 iyun kuni “Hududgaz Samarqand” MChJ gaz ta’minoti filiali  mutaxassisi A.H. tomonidan gaz hajmlari qaytadan to‘g‘rilanib, hisob-kitob qilingan.

Bundan ko‘rinadiki, qariyb 100 million so‘mlik qarzdorlik iste’molchiga asossiz “ilintirilgan”.

Korxona rahbari T.Tog‘ayeva Qo‘shrabot tumani adliya bo‘limiga adolat istab murojaat qilgach, holat o‘rganilib, qayd qilingan qarzdorlikni bekor qilish yuzasidan Ishtixon tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi.

Sud ishni aniqlangan holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 118,176-179 va 186-moddalariga asoslanib, da’vogar “Sangzor mo‘jizasi” xususiy korxonasining manfaatida berilgan da’vo arizasini to‘liq qanoatlantirish haqida qaror qabul qildi. Qaror bilan “Hududgazta’minot” AJ zimmasiga asossiz hisoblangan 99 459 360 so‘m qarzdorlikni  hisobdan  chiqarish  majburiyatini yukladi.

D.Ubaydullayev,

Qo‘shrabot tuman adliya bo‘limi boshlig‘i.