Qo‘shrabotliklar yig‘in signali bilan uyg‘ondi

Qo‘shrabot tumanida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi hududiy quyi tizimi boshqaruv organlarining kuch va vositalari bilan qo‘mondonlik - shtab o‘quv mashqlari o‘tkazilmoqda.

Bugun erta tongdan boshlangan o‘quv mashqlari rejasiga muvofiq tuman aholisiga shartli ravishda sodir bo‘lgan kuchli yer silkinishi holatida yig‘in signali berildi.

Shundan so‘ng, barcha korxona va tashkilot rahbarlari favqulodda vaziyat to‘g‘risida ogohlantirildi, mas’ul rahbarlar tuman hokimligida yig‘ildi. Unda tegishli komissiya raislari va tuman FVDqT xizmati rahbarlarining shartli zilzila oqibatida tuman hududida yuzaga kelgan vaziyatni baholash hisobotlari, aholini muhofaza qilish bo‘yicha takliflari tinglandi hamda barcha mas’ullarga tuman hokimi - fuqaro muhofazasi boshlig‘i tomonidan vazifalar berildi.

Zilzila oqibatida ko‘rilgan talafotlarni bartaraf etish va aholiga tezkor yordam ko‘rsatish maqsadida 50 dan ortiq texnika va kuch vositalari jamlandi. Qo‘shrabot tumani “Yig‘ma komanda”sining saf ko‘rigida har bir tuzilmaning ixtiyoridagi texnika va asbob-anjomlar ko‘zdan kechirilib, kerakli tavsiyalar berildi.

Navbatdagi o‘quv mashqida zilzila bilan bog‘liq  favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda aholini xavfsiz hududga ko‘chirish maqsadida Jo‘sh ota mahallasi hududidan 400 nafardan ortiq fuqaro uchun yig‘ish-ko‘chirish punkti tuzildi.

O‘quv mashqlari 24 mayga qadar davom etmoqda.