Quloqchinning inson hayotiga ta’siri qanday?

Tibbiyotda yuqumli kasalliklarning keng tarqalishiga “epidemiya” atamasi qo‘llanilishini hammamiz yaxshi bilamiz. Ammo oxirgi yillarda insonlar orasida shunday bir odat shakllandiki, uni hech ikkilanmasdan zamonaviy epidemiyalar qatoriga qo‘shsa bo‘ladi. Bu quloqchinlardan foydalanish odati. Men bunday shaxslarni hech ikkilanmasdan “qulog‘ibandlar”, deya atagan bo‘lardim.

Statistik ma’lumotlarga qaraganda dunyo bo‘yicha yoshlarning 80 foizdan ortig‘i quloqchindan foydalanar ekan.

Xo‘sh, quloqchinning inson hayotiga ta’siri qanday?

Mutaxassilarning fikricha, bir sutkada quloqchin orqali 3 soatdan ortiq musiqa tinglash organizmning eshitish tizimi uchun jiddiy xavf keltirib chiqarar ekan. Quloqlarimiz qabul qilishi mumkin bo‘lgan eng baland tovush 80-85 detsibelni tashkil etadi. Quloqchinlar esa 110-130 detsibel tovush beradi va bu quloq pardasiga salbiy ta’sir yetkazadi. Bundan tashqari, u ikki quloqqa taqilganida quloqchinlardagi magnitlar o‘rtasida tortishish yuzaga keladi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri miya o‘rtasidan o‘tadi. Bu miya uchun o‘ta kuchli elektromagnit maydon yuzaga keldi, degani va bu holat miyadagi reaksiyalarni haddan tashqari tezlashtirib, miya hujayralari membranalarida depressiyani yuzaga keltiradi. Miyadagi faollikdagi aniqlik o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. Shuningdek, quloqchinni taqqanimizda quloq bo‘shlig‘idagi eshitish yo‘lida dim-bug‘ holat yuzaga keladi. Bu etdagi mikroorganizmlar uchun qulay sharoit paydo bo‘ladi, degani. Mikroorganizmlar juda tez ko‘payadi.

Afsuski, bu haqda ko‘p gapirilsa-da, yoshlarimiz bunga amal qilishmayapti. Zamonaviy epidemiya esa kun sayin keng quloch yozyapti.

Jamolbek SALOMOV,

Paxtachi tumani.