Qurilish nazorat inspeksiyasi nima sababdan qurilishi tugallanmagan turar-joylarga ijobiy xulosa berdi?
Viloyat hokimligi hamda uy-joy fondi inspeksiyasi tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan qurilishi yakunlanganligi bois, foydalanishga qabul qilishni so‘rab elektron tarzda yuborilgan arizalar holati o‘rganib chiqildi. O‘rganish jarayonida Samarqand viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan Narpay tumani Islom Shoir mahallasida qurilgan 5 qavatli hamda Samarqand shahri Firdavsiy ko‘chasida qurilgan 5 qavatli mansardali turar-joy binolariga qonunga, talab hamda normalarga zid ravishda ijobiy xulosa berilganligi aniqlandi.
Bugun viloyat hokimligida viloyat sektor rahbarlari hamda qurilish sohasi mutasaddilari ishtirokida ushbu masala atroflicha muhokama etildi.
Muhokamada ta’kidlanganidek, pudratchi “Inter Group Narpay” MChJ tomonidan Narpay tumanida yangi qurilgan ko‘p kvartirali uyning qurilishi hali yakunlanmagan. Binoning tashqi va ichki devorlarini pardozlash, eshik va deraza romlariga oynalarini o‘rnatish, hududni obodonlashtirish ishlari bajarilmagan. Sanuzellarga keramik plitkalar terish, santexnika, elektr, gaz, isitish tizimlarining jihozlarini o‘rnatish, pol ishlari, zinapoyalarga perellalar o‘rnatish bajarilmagan. Oqova suv xandagini qurish ishlari ham yakunlanmagan, bolalar maydonchasi qurilmagan. Shuningdek, pudratchi “Sherzod Building System” MChJ tomonidan Samarqand shahrida shaharsozlik va loyiha hujjatlari to‘liq rasmiylashtirilmasdan, tegishli tashkilotlarning ko‘rsatmalari bajarilmagan holda o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda 5 qavatli mansardali turar-joy binosi qurilgan.
Muhokamada ishtirok etgan soha mutasaddilarining fikricha ikkala ob’yekt ham Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan qonunga zid tarzda foydalanishga qabul qilingan, ya’ni ushbu ob’yektlarga ijobiy xulosa berilgan.
Holat yuzasidan Samarqand viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi rahbari o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, 2 nafar xodim egallab turgan vazifasidan ozod etilganligini va bunday holatlarga yo‘l qo‘yilmaslik choralarini ko‘rishligini ma’lum qildi.
O‘z navbatida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov mazkur holatni yetarlicha nazorat qilmaganligi uchun Narpay tumani hokimining qurilish sohasiga mas’ul o‘rinbosarini egallab turgan vazifasidan ozod etish taklifini ilgari surdi.
Muhokama yakunida masala viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olinib, holatga huquqiy baho berilishi bildirildi.