Qurilishda qachon shaffoflik bo‘ladi?
Bugungi kunda ob’yektlarda qurilish ishlarining borishini doimiy monitoring qilib borish uchun har bir ob’yektga videokameralar o‘rnatilib, markazlashgan xolda yagona tizim yaratish ishlari olib borilmoqda. Test rejimida «Shaffof qurilish» tizimi amalga oshirildi.
- Ushbu tizim (portal) joriy yil 1 yanvaridan respublika bo‘yicha ishga tushirildi, - deydi Samarqand viloyat qurilish nazorati inspeksiyasi boshlig‘i Hamdam Jabborov. - Endi har bir qurilish ob’yekti uchun yer ajratish, hokimlik qarori, loyiha hujjatlari, qurilish ishlarining borishi, qurilish materiallari sifati, ish beruvchi, injener-texnik, ishchi mutaxassislar to‘g‘risidagi ma’lumotlar va tugatilgan ob’yektlarning foydalanishga topshirish bosqichlari geoportal tizimiga kiritilmoqda.
Qurilish nazorati inspeksiyalari tomonidan har bir ob’yektda bajarilayotgan ishlarni nazoratga olish, aniqlangan kamchiliklarni o‘z muddatida bartaraf etish, qo‘pol qonunbuzilishlar holatlari aniqlanganda tizimli choralar belgilash imkoniyati oshdi.
Samarqand shahridagi sanoat qurilish texnikumi qoshida pudratchi tashkilotlarning betonchi, g‘isht teruvchi, suvoqchi, pardozchi, payvandchi, montajchi, santexnika mutaxassislarining malakasini oshirish yo‘lga qo‘yildi. Pudratchi tashkilotlarning rahbar, injener-texnik xodimlari malakasini oshirish Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida amalga oshirilmoqda.
Buyurtmachining texnik nazorati mutaxassislari qurilish ob’yektida asosiy rolga egaligi sababli ularga qurilish sifatini ta’minlash yuzasidan talab kuchaytirildi. Bugungi kunda texnik nazorat hamda mualliflik nazoratini olib boruvchi xodimlar malakasini oshirish va sertifikatlangan mutaxassislar bo‘lishi talabi qo‘yilgan.
Inspeksiya tomonidan jismoniy shaxs va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish va mavjud muammolarini hal qilish maqsadida “Axborot burchagi” tashkil etilgan. Bundan tashqari, tadbirkorlarga zarur bo‘lgan ma’lumotlarni inspeksiyaning www.samgasn.uz veb-sayti, 66-235-08-57 raqamli “Ishonch telefoni” tashkil etilgan.
2020 yil inspeksiyada yuridik va jismoniy shaxslarning 148 ta murojaati qabul qilinib, belgilangan muddatda ko‘rib chiqilgan.
Yo.Marqayev.