Quyi palata ishchi guruhi Ishtixondagi real holatni o‘rganmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy masalalar qay darajada samarali hal etilayotganini tahlil etish, tadbirkorlik sub’yektlari, aholi vakillari bilan bevosita muloqot qilib, ularni o‘ylantirayotgan muammolarni joyiga chiqib o‘rganish, amaliy ko‘mak berish, qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha taklif-mulohazalar olish masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda.
Shu maqsadda parlament quyi palatasida ishchi guruhlar tuzilgan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Ulug‘bek Inoyatov, O‘zXDP fraksiyasi a’zolari O‘rol O‘razboyev Ishtixon tumani aholisi turmush darajasi va sifatini yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolarni hal etish borasida sektorlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganishni boshladi.
O‘rganish jarayonida asosan uchta yo‘nalishda ish olib borilmoqda. Birinchi navbatda, koronavirus pandemiyasi davrida tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan berilayotgan imtiyozlar va yengilliklardan qay darajada foydalanilayotgani har bir tumanda manzilli monitoring qilinadi.
Ikkinchi yo‘nalishda hududlarda kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligining ta’minlanish holati xonadonlarga borib, aholi vakillari bilan bevosita muloqot asosida o‘rganiladi.
Uchinchi yo‘nalishda koronavirus pandemiyasi davrida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish ishlari qanday yo‘lga qo‘yilgani tahlil etiladi.
O‘rganish jarayonlari davom etadi.