Quyosh bo‘ronlari tufayli internet uzilishi mumkin
Olimlarga ko‘ra, yaqin orada yer yuzida kuchli quyosh bo‘roni bo‘lishi kutilmoqda. So‘nggi marta bunday bo‘ron 1859 va 1921 yillarda sodir bo‘lgan. AQShning Kaliforniya universiteti mutaxassislari bunday hodisa har yuz yilda bir marta yuz berishini aytib, yerning magnit maydoni insoniyatni zaryadlangan zarrachalardan iborat bo‘lgan quyosh shamolidan himoya qilishini ta’kidlab o‘tishgan.
Biroq, bu shamol quyosh bo‘roniga aylanib, xalqaro internetning uzilishiga olib kelishi mumkinligi qayd etilgan.
Tadqiqotchilar internet infratuzilmasining kosmik ob-havoga chidamliligini baholab, uzoq masofali, optik tolali liniya va suvosti kabellari quyosh bo‘roni tomonidan yer qobig‘ida paydo bo‘ladigan oqimlarga nisbatan zaif ekanini ma’lum qilishgan.
Shuningdek, quyosh bo‘roni oqimi elektr uzatish liniyasi kabi tarmoqqa kirib, zarar yetkazishi mumkin ekan.
«Hozirgi uzoq masofali internet kabellari optik tolalar geomagnit induksiyali oqimlardan himoyalangan. Ammo bu kabellarda 100 kilometr oraliqda elektr quvvati bilan ta’minlangan takrorlagichlar ham mavjud, ular zararlanishi mumkin», — deydi tadqiqotchi olimlardan biri Jyoti.
Hozirgi quyosh sikli tarixdagi eng kuchlilaridan biri bo‘lishi mumkin. 2019 yilda quyosh dog‘larining soni 116 tani tashkil qilgan bo‘lsa, navbatdagisi 260 tagacha yetishi mumkin.