Quyosh panellarini o‘rnatish oila, ro‘zg‘or yoki biznes uchun qanchalik foyda beradi?

Bugungi kunda yurtimizda qayta tiklanuvchi elektr manbalaridan foydalanish uchun qator imtiyozlar joriy qilgan bo‘lsa-da, odamlarda quyosh panellari samaradorligiga nisbatan ishonchsizlik yo‘q emas. Vaholanki, dunyo mamlakatlarida qayta tiklanadigan energiyadan foydalanish tobora ommalashib boryapti.

 Ular nafaqat uglerod chiqindilarini kamaytirishga yordam berishi, balki energiya xarajatlarini tejashi bilan alohida ahamiyatga ega.

Ko‘pchilik yurtdoshlarimiz quyosh panellari qanday elektr energiya berishi, uning afzalligi haqida tushunchaga ega emas. Shu bois, omma orasida bu boradagi savollar juda ko‘p. Quyosh panellari fotovoltaik zarralar orqali quyosh nurini elektr energiyasiga aylantirish orqali ishlaydi. Ushbu zarralar kremniy va shu kabi materiallardan iborat bo‘lib, ular quyoshdan fotonlarni o‘zlashtirib, elektronlarni chiqarib, elektr tokini hosil qiladi. Bitta quyosh paneli ishlab chiqaradigan energiya nisbatan kichik, lekin u bir nechta panellarni bir-biriga ulash orqali uylar, muassasa va korxonalarni energiya bilan ta’minlashi mumkin.

Quyosh panellarini o‘rnatish ro‘zg‘or yoki biznes uchun maqbul yechim ekanligini 5 ta sabab bilan izohlashga harakat qilamiz.

Birinchidan, xarajatlar tejaladi. Quyosh panellarining eng muhim afzalliklaridan biri tejamkorlik hisoblanadi. Yil sayin quyosh panellarining narxi pasayib bormoqda. Bu ularni oddiy iste’molchi ham bemalol o‘z xonadoniga o‘rnatish imkoniyati mavjudligini anglatadi. Quyosh panellarini o‘rnatish orqali an’anaviy energiya manbalariga bo‘lgan talab kamayadi. Eng muhimi, har bir iste’molchining o‘z energiya manbai bo‘ladi. Oilaning energiya to‘lovlari uchun ketadigan xarajati kamayadi.

Ikkinchidan, ekologik manfaatdorlik oshadi. Quyosh energiyasi issiqxona gazlarini ishlab chiqarmaydigan toza va qayta tiklanadigan energiya manbai bo‘lib, an’anaviy energiya manbalariga qaraganda ekologik zararsizdir. Bu shuni anglatadiki, quyosh panellaridan foydalanish orqali siz havoga chiqadigan uglerodni kamaytirishingiz va atrof-muhitga ijobiy ta’sir ko‘rsatishingiz mumkin.

Uchinchidan, mulkingiz qiymati oshadi. Quyosh panellarini o‘rnatish mulkning qiymati oshishiga xizmat qiladi. O‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, quyosh panellari o‘rnatilgan uylar oddiy uylarga qaraganda o‘rtacha 4,1 foizga qimmatroq sotiladi. Quyosh panellarini o‘rnatish nafaqat energiya uchun to‘lovlarni tejashga yordam beradi, balki uzoq muddatda mulkingiz qiymatini ham oshiradi.

To‘rtinchidan, energiya mustaqilligiga erishiladi. Quyosh panellarini o‘rnatish orqali energiya mustaqilligiga erishish mumkin. Bunda narxlarning o‘zgarishi va uzilishlarga duchor bo‘lgan an’anaviy muammolarga barham beriladi.

Beshinchidan, imtiyozga ega bo‘lish mumkin. Quyosh panellarini o‘rnatadigan uy egalari va korxonalar uchun qator imtiyozlar berilmoqda. Davlatimiz rahbarining qarori bilan quyosh panellari o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslar uchun mol-mulk soliqlaridan imtiyozlar yaratildi. Shuning uchun davlat tomonidan subsidiyalar berilishi bilan bog‘liq imkoniyatlar ham mavjud.

Xulosa shuki, muqobil energiyadan foydalanish davr talabi. Har tomonlama maqbul bo‘lgan bu tizimning ommalashuvi davlatga ham, jamiyatga ham, aholiga ham foydali bo‘ladi. Texnologik taraqqiyot va energiyaga bo‘lgan talabning oshishi yaqin yillarda quyosh panellarini eng ommabop muqobil energiya ishlab chiqarish tizimiga aylantirashi tayin.

Sh.Mustafoyev,

SamDU Kattaqo‘rg‘on filiali dotsenti.