Rahmat Tokio, yangi g‘alabalarimizni qarshi ol, Parij
Insoniyat besh yil kutgan “Tokio–2020” XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlari o‘z yakuniga yetdi. Unda 206 davlat delegatsiyasi vakillari qatori hamyurtlarimiz ham medallar uchun murosasiz kurash olib borishdi.
Musobaqa davomida unutilmas quvonch taqdim qilgan g‘alabalar qatori alamli mag‘lubiyatlar ham bo‘ldi. Bu sport, unda g‘alaba va mag‘lubiyat yonma-yon. Buni to‘g‘ri qabul qilish kerak. Asosiysi, atletlarimiz oxirgi kuchlarigacha kurashishdi, yurtimiz sha’nini mardlarcha himoya qilishdi. Bu Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi 3 ta oltin va 2 ta bronza medallarini jamg‘arib, umumjamoa hisobida 206 mamlakat orasida 32-o‘rinni egalladi. Osiyo davlatlari orasida Xitoy, Yaponiya, Koreya Respublikasi va Eron kabi yetakchi sport derjavalaridan keyin beshinchi, MDH mamlakatlari orasida Rossiya Olimpiya qo‘mitasidan keyin ikkinchi, turkiy davlatlar orasida va Markaziy Osiyo mintaqasida birinchi bo‘ldik. Shubhasiz, bunday natija Yangi O‘zbekiston uchun, yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 30 yillik shodiyonasi uchun munosib sovg‘a bo‘ladi.
“Tokio–2020” Olimpiya o‘yinlarida har bir sportchimizning ishtiroki haqida juda ko‘p to‘xtalib o‘tish mumkin. Rekordchimiz Akbar Jo‘rayev, Mustaqil O‘zbekiston tarixidagi eng yosh Olimpiada chempioni Ulug‘bek Rashitov, bayroqdorimiz, ismi jismiga mos Bahodir Jalolov, dzyudomizning bugungi yulduzi Davlat Bobonov, to‘yiga to‘yona qilgan Bekzod Abdurahmonov tillarda doston. Shuningdek, Oksana Chusovitina, Muattar Nabiyeva, Safina Sadullayeva, Tursunoy Rahimova, Olga Zabelinskaya, Nikita Rafalovich, Dilnoza Rahmatova, Zaynab Dayibekova kabi atletlarimizning ishtiroki, kuchlilar qatoriga kirgani va ularning shijoatini ham alohida aytib o‘tish mumkin.
Davlatimiz rahbari doimo sportimiz rivoji haqida qayg‘urib kelgan, atletlarimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib bermoqda. Biz bugun Tokioda erishgan yutuqlar ham Prezidentimiz va hukumatimiz e’tiborining mevasi.
Ayni daqiqalarda “Tokio–2020” Olimpiya o‘yinlarining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tmoqda. Nasib qilsa, uch yildan so‘ng “Parij–2024” Olimpiya o‘yinlarida o‘zbek sportining Olimpiadalardagi zafarli yurishi davom etadi. Bunga Tokioda yoshlarimiz bizni ishontira olishdi. Unutilmas xotiralar uchun rahmat Tokio, yangi g‘alabalarimizni qarshi ol, Parij, deb qolamiz, deyiladi Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida.
“Tokio–2020” Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan delegatsiyamiz 9 avgust kuni soat 20:00 da maxsus charter reysi orqali yurtimizga yetib keladi.