Rais bobo. Joniqul Yusupov shu nom bilan taniqli bo‘lgan

O‘z davrining taniqli paxtakori, pastdarg‘omlik dongdor rais, Mehnat Qahramoni Joniqul Yusupov yashab o‘tganiga 35 yildan oshdi. Ammo u kishining nomi nafaqat Samarqandda, balki respublikamizda hamon mashhur, amalga oshirgan xayrli, ezgu ishlari, odamlarga qilgan yaxshiliklari davralarda tez-tez eslanadi.

 Qahramonlikka munosib insonlar 

Yaqinda qishlog‘imizda o‘tgan ma’rakada ham shunday bo‘ldi. Yoshi ulug‘ otaxonlardan biri gap boshladi:

- Joniqul aka u yog‘i Moskva, bu yog‘i respublika rahbariyati bilan gaplashadigan  juda katta salohiyatga ega rais bo‘lsa-da, oddiy odamlar bilan oddiy kishilardek suhbatlashar, birgalikda har qanday ishni o‘zi bosh bo‘lib bajarib ketaverardi. 1970 yillarning boshi edi adashmasam. U kishi rais bo‘lgan Karl Marks nomli xo‘jalikni yanada kengaytirish uchun dasht hududdagi yerlar o‘zlashtirilgan bo‘lib, bu maydonlarga ekilgan g‘o‘za nihollari begona o‘t bilan qoplandi. Joniqul aka darhol qishloqlarda yashayotgan odamlar va kolxoz ishchilarini o‘sha joyga jalb qildi. Ammo yo‘l uzoq, kolxozda bittagina “bortovoy” mashina bor, traktorlar katta xo‘jalikning boshqa ishlaridan ortmaydi. Shunda Joniqul aka mashinasini chopiqchilarni dalaga olib borishga berib, o‘zi piyoda xo‘jalik idorasidan 5-6 kilometr olisda bo‘lgan kolxoz fermasiga jo‘nadi.

Yaxshi eslayman, o‘shanda qishloqda qo‘liga biror marta ketmon olmagan kishilar ham raisning mashinasiga minishga qiziqib, dalaga borgandi. “Bortovoy” va raisning mashinasi 4-5 marta odamlarni dalaga eltdi. Tushga yaqin “bortovoy”dan dalaga qozon-o‘choq, samovar va katta novvos, raisning mashinasidan esa non va meva-chevalar tushirildi. Shu kuni ishchi va hasharchilarga tushlikka katta dasturxon yozildi. Joniqul akaning o‘zi kechga yaqin dalaga keldi va ayollar-u qizlarga ertaga tongdan yana chopiqqa kelishlarini tayinlab, mashinalarda uylariga jo‘natdi. O‘zi kechqurun biz, kolxozning 50-60 chog‘li ishchi va hasharchilari bilan qolib, qizg‘in suhbat qurdi, hazil-huzul hangomalari bilan odamlarni kuldirib, charchog‘ini chiqardi. Ertalab hammani ishga chorlarkan “Dalada kesakni yostiq qilib, pashshaga talanib yotishning ham o‘ziga yarasha gashti bor-da, azamatlar”, degandi.

Joniqul akadek fidoyi raisning bu gapi hali-hanuz qulog‘im ostida jaranglaydi. Qaniydi, bugun ham shunday  samimiy insonlar bo‘lsa...

Davraning to‘rida o‘tirgan ikkinchi otaxon suhbatni davom ettirdi:

- Samarqand oblast partiya qo‘mitasini birinchi kotibi Vladimir Qodirov haqida eshitgan chiqarsilar. U kishi haqgo‘y va talabchan rahbar edi. Obkom bo‘lib ish boshlagan dastlabki paytlarda yonidagilar Joniqul Yusupov haqida turli bo‘hton gaplarni aytibdi. Qodirov tushga yaqin xo‘jalikka borar ekan, bu haqda na viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, na tuman partiya qo‘mitasiga xabar qilgan. Maqsadi - Joniqul Yusupov va ayrim brigada boshliqlarining nima ish bilan mashg‘ul ekanliklarini hech kimga bildirmay bilib olish  va  shunga qarab xulosa qilish bo‘lgan.

Idoraga kelsa, rais yo‘q. «Biror joyda dam olib yotgandir», degan fikrda jahl bilan xo‘jalik dalasiga yo‘l olibdi. Uzoqdan  «Villis UAZ»ni ko‘rib, shofyoriga o‘sha tomonga haydashni buyuribdi. Borsa, Joniqul aka suvchi bilan birga yengini shimarib, katta ariqqa band tashlayotgan, haydovchisi esa ariq suvini to‘sish uchun oldinroqqa «Villis»ni zaxira ballonini tashlab turgan ekan. Vladimir Qodirov vallamat raisning bunday ish qilishini kutmaganligini sezdirmasdan u kishiga:

- Yana bir suvchini chaqirsangiz bo‘lmaydimi, - debdi.

- Boshqa suvchining o‘z ishi bor-da, Vladimir Nikolayevich. Qolaversa, ular kelguncha bir ariq suv boshqa paykallardagi jo‘yaklarni ham urib ketadi, - deb javob beribdi.

So‘ngra viloyat rahbari raisga «Boyto‘ra Ko‘makov degan qahramon brigada boshlig‘ingiz bor ekan. Yuring-chi, shu brigadadagi ishlar bilan ham tanishaylik», debdi. Joniqul aka «Bajonidil» deb, u kishini o‘sha brigadaga boshlabdi. Borishsa, ayni kun qizigan paytda ikki kishi telejkadan qoplangan mineral o‘g‘itni tushirayotgan ekan. «Nega bu bechoralarni tushlik paytida, shunday issikda ishlatyapsizlar? Brigada boshlig‘ining o‘zi qani?», debdi V.Qodirov jahl bilan. Joniqul aka «Boyto‘ra, ishingni qo‘yib, bu yoqqa kel. Viloyat rahbari sen bilan tanishmoqchi», deya uni yoniga chorlabdi. U kelgach, V.Qodirov ishlayotgan haligi kishilardan biri ilg‘or brigada boshlig‘i Boyto‘ra Ko‘makov ekanligini bilgach, brigada yetakchisining o‘zi «dori» tushirayotganiga hayron qolib «Yoningizdagi kim?» deya so‘rabdi, xolos. Boyto‘ra aka «Tabelchim, tush payti ishchilar dam olishi kerak. Shuning uchun tabelchim bilan shuni tushirib qo‘yaqolaylik, deya harakat qilib yotgandik», debdi.

So‘ng viloyat rahbari Joniqul akani chetga tortib, «Ha, qahramonlikka munosib odam ekan, sizga ham, brigadiringizga ham sovg‘am bor», debdi. Shundan uch kun o‘tmay V.Qodirov Boyto‘ra akaga yengil avtomobil,Joniqul akaning iltimosi bilan xo‘jaligiga yangi kultivator sovg‘a qilgan ekan.

Joniqul Yusupov ana shunday kamtar, ishchan, serharakat, shijoatli  inson edi. Shu tufayli ham u kishi el  yurtimiz  ahli hurmatini qozongan.

 Yosh raisning shijoati

Yaqinda tahririyatimizga Joniqul Yusupovning nabirasi, viloyatimizdagi yirik idoralardan birida mas’ul lavozimda ishlayotgan Abdumalik Yusupov kelib, bobosi hayoti va faoliyati, ezgu amallariga oid  ma’lumotlar, suratlarni keltirdi.

- O‘zim ham ko‘p davralarda bo‘lganimda odamlarning bobom Joniqul Yusupovni ibratli hayoti, ish faoliyati davomida qilgan yaxshiliklari, xayrli ishlarini aytib, hurmat va ehtirom bilan xotirlaganlariga guvoh bo‘lib, ko‘nglim tog‘dek o‘sadi, shunday insonning nabirasi bo‘lganimdan faxrlanaman,  - deydi Abdumalik aka.

- Joniqul Yusupov 1918 yil 2 may kuni Past Darg‘om tumanining Zormon qishlog‘ida tug‘ildi. Ikkinchi jahon urushi boshlangach, akasi Primqul Yusupov ikkalasi bir vaqtda tengqurlari qatori ko‘ngilli bo‘lib  frontga otlangan. Fashistlarga qarshi mardonavor jang qilgan. Urushda akasi bedarak ketgan, o‘zi esa urushdan qaytgach, tumandagi  «Qizil mehnat» nomli  jamoa xo‘jaligida oddiy ishchi bo‘lib ishlagan. Shijoatliligi, tashkilotchiligi va  tashabbuskorligi bilan jamoadoshlarining e’tiboriga tushgan Joniqul Yusupovni 1947 yilda xo‘jalikka rais etib saylashadi. Urush olis qishloqlarda ham o‘z asoratini qoldirgan, og‘ir mashaqqatli mehnat keksa-yu yosh bolalar zimmasida qolgan, xo‘jalik iqtisodiyoti juda pasayib ketgandi. Texnika yetishmas, ot-ulov, ho‘kiz-omoch bilan dehqonchilik qilish oson bo‘lmagan. Lekin bobom xo‘jalik a’zolarini yaxshi kunlar kelishiga, ular ahillik bilan ishlasalar ko‘p muvaffaqiyatlarga erishishga qodirligiga ishontiradi. Mayda-mayda yer maydonlari kengaytiriladi. Yangi qo‘riqlar ochiladi. Natijada paxta hosildorligi ortib, odamlarning turmush sharoiti yaxshilana boshlaydi.

1960 yillarda Past Darg‘om tumanidagi past rentabelli mayda xo‘jaliklar birlashtirilib, yirik Karl Marks nomli xo‘jalik tashkil etiladi va unga Joniqul Yusupovni rais etib saylashadi. Xo‘jalik ekin maydoni 2 ming gektardan oshadi. Yirik chorvachilik  va parrandachilik fermalari vujudga keladi, qudratli  hamda ko‘p sonli texnika parki yaratiladi.

 

Bir xo‘jalikdan chiqqan olti qahramonning sardori

- Qayga borsam boshda do‘ppim, g‘oz yurarman gerdayib,

Olam uzra nomi ketgan O‘zbekiston, o‘zbegim.

Sevimli shoirimiz Erkin Vohidovning ushbu satrlarini O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev maromiga yetkazib xonish qilganida Joniqul aka Yusupov ko‘z oldimda gavdalanadi, - deydi mehnat faxriysi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Abdushukur Muhammadqulov. - Gelife shimda, xirom etik kiyib, boshda do‘ppi bilan katta-katta anjumanlarda o‘zbekligini bildirib, o‘zbekona urf-odatlar, o‘zbekona andisha-yu, o‘zbekona lutf, g‘urur bilan yurganligini ko‘rganman.

Joniqul aka Past Darg‘omning bo‘z-dasht yerlarini o‘zlashtirib, paxtachilikni rivojlantirishga, paxtadan mo‘l hosil olishda nafaqat O‘zbekistonda, balki sobiq sovet ittifoqida ko‘zga ko‘rinib, ko‘plab davlat mukofotlari, e’tiroflarga sazovor bo‘lganligini keksa avlod vakillari yaxshi biladi. U kishi 45 yildan ziyod bitta xo‘jalikda mohir rahbar - kolxoz pravleniyasining raisi lavozimida ishladi. Rahbarlik sir-asrorlarini miridan sirigacha o‘zlashtirgan, o‘zi kabi dehqonchilikning bilimdonlari - Boyto‘ra Ko‘makov, Hamro Ergashev, Meli Qo‘chqorov kabi brigada boshliqlarini birlashtira olgan inson edi.

Joniqul aka o‘sha davrning yirik davlat arbobi ham edi. Uch marta SSSR Oliy Sovetiga, to‘rt marta O‘zbekiston SSR  Oliy Sovetiga deputat bo‘lib saylanib (xalq vakili), Moskva shahrining Kreml saroyida va Toshkentdagi s’yezdlarda ishtirok etib, xalq nomidan ko‘plab muammolarni hal qilgan.

1977-1988 yillarda men oblast partiya komitetining qishloq xo‘jalik masalalari bo‘yicha sekretari-kotibi vazifasida ishlardim. Shu sababli Joniqul aka bilan ish jarayonida ko‘p marotaba uchrashganman. Oilasini yaxshi bilganman. U kishining turmush o‘rtog‘i Xayriniso Yusupova ham ilg‘or brigada boshlig‘i bo‘lib ishlab, davlatimizning qator orden va medallari sohibi  sifatida e’tirof  etilgan.

Joniqul aka do‘stlari va xo‘jalik a’zolariga bo‘lgan sadoqati, zakovat va farosat sohibi bo‘lganligi evaziga respublika rahbarlarining alohida e’tiboriga tushgan edi. Masalan, O‘zbekistonimiz va o‘zbek xalqiga qariyb chorak asr sidqidildan yetakchi bo‘lgan Sharof Rashidov Samarqandga tashrifi chog‘ida, albatta, Joniqul akaning xo‘jaligiga borar, u yerdagi ishlar bilan tanishib, o‘z maslahatlarini berib ketardi.

Joniqul Yusupov 1988 yil 28 yanvarda, 70 yoshida vafot etgan bo‘lsa-da xalq orasida hali-hanuz «Rais bobo» degan nom bilan hurmat va ehtirom ila yodga olinadi. U kishining  barchaga ibratli, mazmunli hayot yo‘li va mehnat faoliyati o‘sha davr va hozirgi zamon yoshlariga ham manzur bo‘ladigan ibrat maktabi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

 Paxtachilikda «Joniqul Yusupov maktabi»ni yaratdi

- Joniqul aka, avvalo, odamlarning ruhiyatini chuqur bilar, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatar, jamoa a’zolarini barcha bunyodkorlik ishlariga mohirlik bilan otlantirardi, - deya xotirlaydi mehnat faxriysi Saidxon Azimov. - Shuning uchun ham jamoa xo‘jaligi sobiq ittifoqda dong taratgandi. Xo‘jalikda 1960-1970 yillarda paxta yetishtirish 13 ming tonnagacha yetgan, har gektar yerdan 70 sentnergacha hosil olingandi.

Muhimi, “rais bobo” nafaqat Past Darg‘om yoki Samarqandning, balki butun mamlakatning faxri, g‘ururi edi. Shu bois ham Moskvadan “Gdlyan” va “Ivanov” boshliq «desantchi»lar to‘dasi «paxta ishi» bahonasida respublikamizga «bostirib» kelib, begunoh odamlar sha’niga tuhmat toshlari yog‘dirib, “qama-qama” boshlanganida, garchi Joniqul aka Moskvada davolanayotgan bo‘lsa-da, biror kishining nohaq, asossiz ayblanishiga yo‘l qo‘ymagandi.

Sharof Rashidov Joniqul aka bilan juda qadrdon bo‘lgan. Samarqandga keldi deguncha, albatta xo‘jalikka tashrif buyurar, dehqonchilikni rivojlantirish bo‘yicha maslahat, yo‘l-yo‘riq berib ketardi. Esimda, bir gal kelganida xo‘jalik ichidan o‘tadigan “Samarqandi – Kattaqo‘rg‘on” yo‘lining xo‘jalik chegarasida suv chiqmaydigan qaqroq dasht yerda bog‘ barpo etishni maslahat bergandi. Ko‘p o‘tmay 30 gektarlik bog‘ barpo etildi, suv chiqarilib, shinam dam olish oromgohi qurildi.

U kishi g‘o‘za nihollarini o‘z farzandidek ardoqlar, boshqalardan ham shuni talab qilardi «Yerni, yetishtirayotgan ekiningni jon-dildan sevib ardoqlamasang, ular senga hech nima bermaydi. Nomigagina, qo‘l uchida mehnat qilib, o‘zingni ham, yerni ham aldama, uning ham joni bor, aldaganingni his qilib turadi», derdi. Shunga amalga qilgani bois paxtachilik sohasida «Usta dehqon-paxtakor Joniqul Yusupov maktabi»ni yaratib ketdi.

Shunday xizmatlari uchun O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan paxtakor unvonini olgan Joniqul Yusupov katta bir avlod paxta ustalarini ham tarbiyalagandi. Ulardan Boyto‘ra Ko‘makov, Hamro Ergashev, Meli Qo‘chqorov, urushdan bir oyog‘ini yo‘qotib nogiron bo‘lib qaytgan mohir mexanizator Qurbon Orziqulov Mehnat Qahramoni unvoniga sazovor bo‘ldi. Rasul Farmonov, Mardi Yo‘ldoshev, Hayit Salimov kabi paxtakorlar el nazariga tushdi. Narziqul Eshonqulov, Muxtor Sattorov, Mansur Abduraimov, Tifli Bobonorov, Sobir Abduraimov, Ne’mat Nortoyev, Normurod Omonov, Rahmatulla Shodiyev, Ulug‘murod Ernazarov, Abduvali Mustanov va boshqa ko‘plab kadrlari  yetuk rahbarlar bo‘lib yetishdi.

 Aka-uka bo‘lib ishlashganmiz

- 1986 yilda meni Go‘zalkent tumaniga birinchi rahbar etib tayinlashdi, - deb eslaydi mehnat faxriysi Mansur Abduraimov. - Yangi ishga o‘rganib ketishim qiyin bo‘lmadi. Joniqul aka uncha-muncha raykom kotiblariga o‘z ta’sirini o‘tkazishini avvaldan eshitganman. Menga esa, shu yerlik bo‘lganim uchunmi unday qilmadi. Aksincha, bilmagan narsalarim, odamlarim haqida tushunchalar, maslahatlar berib yordam qildi.

Tumanimiz hududida qadimiy «Oshiq ota» ziyoratgohi bor. O‘sha yillar ateizmning juda kuchaygan paytlari emasmi, ziyoratgoh va yonidagi qabristonni buzish haqida ko‘rsatma oldim. Markaziy Komitetdan Medvedev degani kelib, bu borada qilinayotgan ishlar bilan qiziqdi. Ziyoratgohni saqlab qolishim kerak edi. Shuning uchun Joniqul akaga qo‘ng‘iroq qildim. U kishi yuqoridan kelgan vakil bilan uchrashib, nima dedi, qanday tushuntirdi, bilmadim. Har holda ziyoratgoh va qabriston buzilmay qoldi. Chunki Joniqul akani Moskvadagi “kazo-kazo”lar ham yaxshi bilar va kezi kelganda u kishini   fikrlari bilan  hisoblashar edi.

***

Joniqul Yusupov bosh bo‘lgan xo‘jalik hamda 85-maktab uzoq yillar u kishining nomi bilan atab kelindi. Maktab hovlisi va hozirda kasb-hunar kolleji bo‘lgan sobiq xo‘jalik idorasida byusti o‘rnatilgan. Xo‘jalik markazida «Joniqul Yusupov muzey» tashkil etilgan. Bu yerda Mehnat Qahramonlari, xo‘jalik faxriylarining ibratli hayoti va mehnat faoliyatlari bilan bog‘liq eksponatlar saqlanadi. Jamoatchilik vakillari, yaqinlari, talaba va o‘quvchilar, yoru do‘stlarining farzandlari bu yerga kelib, xotira tadbirlarini o‘tkazib turishadi.

Joniqul Yusupovni hayoti va mehnat faoliyati haqida batafsil yozaman, desangiz katta bir kitob bo‘ladi. Biz maqolamizda bu inson bilan bog‘liq ayrim xotiralarni qog‘ozga tushirdik, xolos. Aslida Joniqul bobo Yusupov  ibratli hayotini, umrini ezgulikka, xayrli ishlarga baxshida etgan insonki, shuning uchun u kishining yodi, ezgu ishlari el tilidan, dilidan tushmaydi.

Akram HAYDAROV.