Rais oddiy muxbir G‘ofur G‘ulomni esdan chiqarmaydigan bo‘lgandi
Bu betakror alloma haqida gap ketganida uning «Oyposhsha va Mirisoq» nomli feletoni «bosh qahramoni» bo‘lgan mehnat faxriysi, Jomboy tumani Mikoyan nomidagi jamoa xo‘jaligining sobiq raisi, marhum Umrzoq Odilovning hikoyalari beixtiyor esga tushadi.
Bir feleton tarixi
1950 yilning boshlarida yozilgan bu maqola yozuvchining to‘la asarlar to‘plamining 6-jildidan o‘rin olgan. Mashhur adibning bu feletonini o‘qib, uning yozilish tarixi bilan qiziqdim va bu qiziqish meni Umrzoq boboning huzuriga chorladi.
O‘tgan asrning 90-yillari oxirida Umrzoq Odilov Jomboy tumanidagi “No‘sh” mahalla fuqarolar yig‘inida yashab, tadbirkorlik bilan shug‘ullanardi. Ushbu mahalla qishlog‘imiz yaqinida joylashganligidan u kishi bilan ko‘p marta gaplashgandim.
Yuqorida nomi tilga olingan feletonning paydo bo‘lishiga asosiy sabab nima bo‘lganligi, mashhur shoir bilan qanday uchrashgani haqida u kishi menga uzoq gapirgandi.
Odamlar undan juda qo‘rqishardi...
Ma’lum bo‘lishicha, Umrzoq Odilov o‘sha yillari xo‘jalik rahbari bo‘lib, maishat qilish, turli-tuman ko‘ngilxushlik, bazmlarga juda mukkasidan ketgan ekan. Rais viloyat musiqa va drama teatrining spektakllariga ham tez-tez tashrif buyurgan.
U bu yerga spektakl yoki konsert tomosha qilish uchun emas, balki go‘zal aktrisa va xonandalar orasidan yangi ma’shuqalar tanlash uchun kelar ekan. Bir kuni bu yerda u o‘sha davrning mashhur xonandasi Oyposhsha Mavlonovani uchratib qoladi va rais unga “ko‘ngil qo‘yadi”...
U.Odilov o‘zini xo‘jalik hududining mutlaq egasi deb bilardi va o‘zi hohlagan ishini qilardi. Uning uchun qonun-qoidalar yo‘q edi. Hay’at majlislarida rais shunday so‘zlarni takrorlashni yaxshi ko‘rardi: “Bu yerda men o‘zim prokurorman, o‘zim sudyaman. Hech kim menga qarshilik ko‘rsatishga jur’at eta olmaydi!". Odamlar undan juda qo‘rqishardi. Ishlar shu darajaga yetdiki, har oy oxirida ishchi va xizmatchilarga xo‘jalik raisining o‘zi maoshni ham taqsimlab beradigan bo‘ldi. Shu bilan birga, u erkaklarga ish haqi olish uchun xotinlarini yuborishlarini talab qildi. Rais pulni birinchi bo‘lib eng go‘zal ayollarga berardi.
Qolaversa, U.Odilov uy yig‘ishtirish, oila a’zolariga taom tayyorlash, ro‘zg‘or yumushlari bilan shug‘ullanuvchi xodim va xizmatchi ayolni doimiy ravishda o‘z uyida saqlardi.
«Bu Sharof Rashidovning shaxsiy iltimosi...»
Xullas, kunlarning birida raisning uyidan katta miqdordagi pul – xodimlarning maoshi g‘oyib bo‘ladi. Bu voqeadan jahli chiqqan U.Odilov o‘zining Burxon ismli xizmatkorini bu o‘g‘irlikda gumon qiladi. Uzoq tahqir va qiynoqlardan so‘ng uy egasi aybsiz aybdor Burxonni yegulik-suvsiz qoldirib, og‘ilxonaga oyog‘idan osib qo‘yadi. Ertasi kuni xizmatkorni qishloqdoshlari va qarindoshlari ozod qiladilar. Oradan bir yil o‘tib, raisning rafiqasi voyaga yetmagan qizni zo‘rlagani uchun jazoga tortilgan akasini qamoqdan chiqarish maqsadida pullarni uydan o‘g‘irlab ketgani ma’lum bo‘ladi.
Burxonning tog‘asi Qarshi aka tumandagi qishloq vrachlik punktida feldsher bo‘lib ishlardi. U avval jiyanini ko‘zdan kechirdi, so‘ng bo‘layotgan voqealar va raisning qilmishlari haqida O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi Sharof Rashidov nomiga ariza yozadi. Sh.Rashidov esa bu xatni «Qizil O‘zbekiston» gazetasi tahririyatiga yo‘llaydi.
Mazkur nashrning bosh muharriri G‘ofur G‘ulom bilan juda yaqindan tanish edi. U mashhur shoirdan Samarqand viloyatining Bulung‘ur (o‘sha yillarda bu hududlar Bulung‘ur tumaniga qarashli bo‘lgan) tumaniga borib, bu holatni atroflicha o‘rganishni, kerak bo‘lsa, bu o‘zboshimcha rais haqida tanqidiy maqola yozishni so‘raydi. Va yana qo‘shib qo‘yadi: «Bu Sharof Rashidovning shaxsiy iltimosi».
«G‘ofur G‘ulom nomi esimdan chiqmaydigan bo‘lgan...»
- O‘shanda kuz edi. Ishxonamga qalpoq kiygan ozg‘in, baland bo‘yli bir kishi kirib, o‘zini «Qizil O‘zbekiston» gazetasi muxbiri deb tanishtirdi, – deb eslagandi U.Odilov. - U xo‘jaligimiz haqida gazetaga maqola yozmoqchi ekanligini aytdi. Hayotimda juda ko‘plab muxbirlarni ko‘rganman. Ularning xo‘jaligimizga xizmat safari mehmonxonada yozilgan to‘kin dasturxon va qimmatbaho sovg‘alar bilan yakunlanardi. Men o‘rinbosarimga bu muxbirga ham «yordam bering» deb topshiriq berdim.
3 kundan keyin muxbir yana oldimga kelib: «Men ketyapman. Ism-familiyam G‘ofur G‘ulomov. Biror joyda eshitganmisiz?», dedi. Men «Yo‘q» dedim. U kishi «Unda, endi eslab qoling», dedi.
Men hech narsani tushunmadim. U ketdi. Oradan ikki hafta o‘tgach, tuman partiya qo‘mitasining birinchi kotibi Bolasanov qo‘ng‘iroq qilib, mendan gazeta o‘qiysizmi-yo‘qmi, deb so‘radi. Men javob berdim: “Yo‘q. Vaqt yo‘q". U dedi: “Unda «Qizil O‘zbekiston» gazetasida bosilgan «Oyposhsha va Mirisoq» nomli feletonni tezda o‘qib chiqing, deb jahl bilan go‘shakni qo‘yib qo‘ydi. Men darrov mahalliy pochtachini topdim, u darhol “Qizil O‘zbekiston” gazetasining shu sonini olib keldi. Men hech qachon gazetalardagi maqolalarini oxirigacha o‘qimasdim. Bu maqolani esa bir nafasda o‘qib chiqdim va darhol qon bosimim ko‘tarildi. Oradan 10 kun o‘tgach, meni G‘.G‘ulomning feletonini muhokama qilish uchun raykomga chaqirib, partiyadan o‘chirishdi va ishdan haydashdi. Shu oyning oxiriga kelib esa men hibsga olindim. Sud meni 16 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Shu tariqa G‘afur G‘ulomning nomi bir umrga xotiramda muhrlanib qoldi.
Yormamat RUSTAMOV.